Surxondaryo viloyatida “Startap asoslari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

08-05-2026 | 53

Surxondaryo viloyatida “Startap asoslari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

#GSBE #GraduateSchool #Startup #SmallBusiness #Entrepreneurship

Surxondaryo viloyatining Angor tumani Xamkon mahallasida yoshlar uchun “Startap asoslari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbir Surxondaryo viloyati Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hududiy filiali tomonidan o‘tkazildi. Uchrashuvning asosiy maqsadi yoshlarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, innovatsion fikrlashni shakllantirish hamda o‘z startap loyihalarini yaratishga bo‘lgan qiziqishni oshirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga startaplar haqida asosiy tushunchalar, ularni yaratish va rivojlantirish bosqichlari, shuningdek zamonaviy biznes yuritish yondashuvlari bo‘yicha ma’lumotlar berildi. G‘oyani to‘liq biznes loyihaga aylantirish, biznes modelni shakllantirish hamda innovatsion fikrlash va samarali yechim topish usullariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, muvaffaqiyatli startaplar misollari va ularni kengaytirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, ishtirokchilarga startap tushunchasi va uning zamonaviy iqtisodiyotdagi o‘rni tushuntirildi. Innovatsion loyihalar yangi texnologiyalarni joriy etishda muhim omil ekani ta’kidlandi. Bundan tashqari, yoshlar uchun tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish sohasidagi imkoniyatlar hamda boshlovchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida ma’lumotlar berildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va amaliy tavsiyalar bilan tanishdilar. Bunday tadbirlar yoshlar orasida tadbirkorlik madaniyatini rivojlantirish, innovatsion fikrlashni shakllantirish hamda istiqbolli biznes g‘oyalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.