Yangiliklar
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida “ESG asoslari: 1-bosqich” intensiv o‘quv kursi yakunlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida 2026-yil 19–30-yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan “ESG asoslari: 1-bosqich” intensiv o‘quv kursi muvaffaqiyatli yakunlandi. Kurs “UzAssets” AJ bilan hamkorlikda, Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida ESG Center of Excellence tashabbusi doirasida tashkil etildi.
Mazkur dastur yirik davlat kompaniyalari mutaxassislarida ESG (ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv) sohasida tizimli bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratildi. Ishtirokchilar barqaror rivojlanish hisobotini yuritishning xalqaro standartlari, jumladan SASB hamda IFRS S1/S2 talablari bo‘yicha kompleks tushunchaga ega bo‘ldilar, shuningdek ESG tamoyillarini korporativ boshqaruv va operatsion faoliyatga integratsiya qilish mexanizmlari bilan tanishdilar.
O‘quv dasturi doirasida ESG asoslari va normativ-huquqiy talablar, ekologik risklarni boshqarish va xalqaro standartlar (ISO, LCA), iqlim kun tartibi, uglerod izini hisoblash va iqlim strategiyasini ishlab chiqish, ijtimoiy mas’uliyat va mehnatni muhofaza qilish, ESG boshqaruv modeli va hisobot tayyorlash jarayoni, barqaror ta’minot zanjirlari, yashil moliyalashtirish instrumentlari, shuningdek ESG loyihalarini joriy etish va o‘zgarishlarni boshqarish masalalari qamrab olindi.
Kurs ESG yondashuvlarini institutsional darajada joriy etish hamda SASB va IFRS S1/S2 xalqaro standartlariga muvofiq hisobot tayyorlashga tayyorgarlikning boshlang‘ich bosqichi hisoblanadi.
Dasturda “O‘zbekiston temir yo‘llari”, NGMK, Uzbekistan Airways, “O‘zbekneftgaz”, “Navoiyazot”, AGMK, “O‘zmetkombinat”, “O‘ztransgaz”, “O‘zbektelekom”, “O‘zbekko‘mir”, “O‘zkimyosanoat”, UzAuto Motors hamda UzAssets portfeliga kiruvchi boshqa davlat tashkilotlari va korxonalaridan 40 nafardan ortiq mutaxassislar ishtirok etdi.
“ESG asoslari: 1-bosqich” kursini muvaffaqiyatli tamomlagan va dastur talablarini bajargan ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Ular uch bosqichli malaka oshirish dasturining navbatdagi – amaliy va natijaga yo‘naltirilgan “ESG asoslari: 2-bosqich” kursida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdilar.
Mazkur tashabbus Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining barqaror rivojlanish sohasida professional kompetensiyalarni shakllantirish, davlat aktivlarini boshqarish samaradorligini oshirish hamda ularning investitsiyaviy jozibadorligini kuchaytirishga qaratilgan institutsional islohotlarni qo‘llab-quvvatlashdagi tizimli yondashuvini namoyon etadi.