Yangiliklar
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi vakillari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahridagi – LEAP 2025 texnologik tadbirida ishtirok etmoqdalar.

Joriy yilning 9-12-fevral kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida eng yirik texnologik tadbirlardan biri - LEAP 2025 bo‘lib o‘tmoqda.
LEAP 2025 - Yaqin Sharq va Osiyodagi yirik xalqaro texnologik tadbir bo‘lib, dunyoning barcha qit’alaridan iqtisodiyotning turli innovatsion sohalaridan 215 mingga yaqin ishtirokchilarni jalb qilgan.
Tadbir davomida 1000 dan ortiq spikerlar innovatsiyalar, texnologiyalar va ilm-fanning ilg‘or yutuqlariga bag‘ishlangan 17 ta tematik yo‘nalish bo‘yicha ma’ruzalar qilishlari rejalashtirilgan.
Tadbirda IT PARK delegatsiyasi bilan birgalikda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi vakillari ham ishtirok etmoqda, ular Forumning innovatsiyalar, yangi texnologiyalar, startaplar va ilmiy yutuqlarni rivojlantirishning dolzarb yo‘nalishlariga bag‘ishlangan asosiy tematik sessiyalari va ishbilarmonlik tadbirlarida qatnashmoqdalar.
Sessiya muhokamalari mavzulari innovatsion tadbirkorlik, startap ekotizimini rivojlantirish, venchur moliyalashtirish, shuningdek, sun’iy intellektning iqtisodiyot va ijtimoiy hayotning turli tarmoqlariga ta’sirini qamrab oladi.
Tadbir doirasida Oliy maktab vakillari Yaqin Sharq va Osiyoning yetakchi innovatsion tashkilotlari, jumladan, Saudiya Arabistonining Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlovchi davlat tashkiloti “MONSHAAT” “Aramco Ventures” venchur kompaniyasi va eng yirik startap biznes inkubatorlardan hisoblangan “The Garage” va boshqa xorijiy tashkilotlar bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlar davomida Saudiya Arabistonining innovatsion tashkilotlari bilan O‘zbekistonda innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish va startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi.
LEAP 2025 tadbiri 12-fevralga qadar davom etadi va o‘zaro hamkorlikni kengaytirish hamda ilg‘or tajriba, bilim va texnologiyalar almashish uchun muhim platforma hisoblanadi.
