«Elektron tijorat: Wildberries va Uzum Market orqali biznesni rivojlantirish imkoniyatlari» mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi

23-09-2026 | 73

«Elektron tijorat: Wildberries va Uzum Market orqali biznesni rivojlantirish imkoniyatlari» mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi

#GSBE #GraduateSchool #Ecommerce #Study

2026 yil 23 sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Navoiy viloyati hududiy filiali tashabbusi bilan Navoiy Innovatsiyalar universitetida «Elektron tijorat: Wildberries va Uzum Market orqali biznesni rivojlantirish imkoniyatlari» mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.

Tadbirda 100 nafarga yaqin ishtirokchi - elektron tijorat va onlayn savdo yo‘nalishiga qiziquvchi talaba yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirning asosiy maqsadi ishtirokchilarga elektron tijoratning zamonaviy imkoniyatlari, marketpleyslar orqali mahsulot va xizmatlarni sotish mexanizmlari, onlayn savdoni tashkil etish hamda raqamli platformalardan biznesni rivojlantirishda samarali foydalanish usullari haqida amaliy ma’lumotlar berishdan iborat bo‘ldi.

Seminar davomida ishtirokchilarga Wildberries va Uzum Market platformasida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, mahsulotlarni onlayn savdoga chiqarish, xaridorlar auditoriyasini kengaytirish va sotuv jarayonlarini raqamli vositalar orqali boshqarish bo‘yicha tushunchalar berildi.

Xususan, marketpleysda sotuvchi sifatida ishlash, sotuvchi kabineti orqali mahsulotlarni joylashtirish, mahsulot kartochkasini shakllantirish, narx belgilash, buyurtmalarni boshqarish va sotuv natijalarini tahlil qilish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, elektron tijoratda xaridorlarni jalb qilish, mahsulotni onlayn tarzda to‘g‘ri taqdim etish, sifatli foto va tavsiflardan foydalanish, raqamli marketing vositalarini qo‘llash hamda savdo natijalarini muntazam tahlil qilishning ahamiyati tushuntirildi.

Jumladan, E-auksion savdo platformasi faoliyati, elektron savdo jarayonlaridan foydalanish imkoniyatlari va raqamli savdo platformalarining tadbirkorlik subyektlari uchun ahamiyati yuzasidan ishtirokchilarga ma’lumotlar berildi.

Seminar jarayonida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, elektron tijorat va onlayn savdo sohasi bo‘yicha mutaxassislardan batafsil javoblar oldilar.

Tadbir davomida elektron tijoratni rivojlantirish, aholi va tadbirkorlarni zamonaviy onlayn savdo instrumentlaridan foydalanishga o‘rgatish hamda raqamli iqtisodiyot imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.

Seminar yakunida ishtirokchilar elektron tijoratda biznesni boshlash va rivojlantirish, marketpleyslardan foydalanish, mahsulotlarni onlayn savdoga chiqarish hamda raqamli savdo vositalaridan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.

Mazkur tadbir Navoiy viloyatida tadbirkorlik subyektlarining raqamli ko‘nikmalarini oshirish, elektron tijoratdan foydalanish ko‘lamini kengaytirish va zamonaviy savdo platformalari orqali biznes faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish yo‘lidagi amaliy tadbirlardan biri bo‘ldi.