Yangiliklar
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan uchrashuv

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida 19-fevral kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, elchi Antti Kartunen bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda “Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish uchun boshqaruv kadrlarini tayyorlashga ko‘maklashish” qo‘shma loyihasini amalga oshirish doirasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Muhokamalarda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining Yashil iqtisodiyotga o‘tish va uni rivojlantirishni muvofiqlashtirish boshqarmasi hamda “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” loyiha ofisi vakillari ham ishtirok etdilar.
Elchi Antti Kartunen YeXHT iqlim o‘zgarishi, ekologiya, suv va energiya resurslari taqchilligi, iqtisodiyot tarmoqlarida yashil texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq muammolarga juda katta e’tibor qaratayotganini ta’kidladi.
YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori ofisi “Yashil iqtisodiyot” sohasida rahbar kadrlarning salohiyatini oshirish bo‘yicha Oliy biznes maktabiga loyihani amalga oshirishda har tomonlama ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, 2025-yil O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingani mazkur loyihani amalga oshirish yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi.