Yangiliklar
AQShda tashkil etilgan qisqa muddatli o‘quv dasturi muvaffaqiyatli yakunlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan Amerika Qo‘shma Shtatlarida tashkil etilgan “Human Resource Development” (HRD) bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv dasturi o‘z yakuniga yetdi. Dastur davomida ishtirokchilar Pittsburg State University, Pittsburg area Chamber of Commerce, Research and Innovation markazi hamda Crossland College of Technology kabi nufuzli ta’lim va biznes tashkilotlariga tashrif buyurib, AQShning inson resurslarini boshqarish, texnologik ta’lim, innovatsion tadqiqotlar va tadbirkorlik ekotizimi borasidagi ilg‘or tajribasi bilan yaqindan tanishdilar.
Ishtirokchilar o‘quv mashg‘ulotlari davomida zamonaviy boshqaruv yondashuvlari, HR tizimlarining amaliy qo‘llanilishi, startaplarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, texnik ta’limning innovatsion modeli, universitet–sanoat hamkorliklari va AQSh biznes muhitining ichki jarayonlari bo‘yicha chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar. O‘tkazilgan seminarlar, savol-javoblar, amaliy mashg‘ulotlar hamda mutaxassislar bilan muloqotlar delegatsiya a’zolarining malakasini sezilarli oshirdi.
Dastur yakunida barcha ishtirokchilar o‘z o‘quv faoliyati uchun rasmiy sertifikatlar bilan taqdirlandilar. Shuningdek, Pittsburg State University hamda hamkor tashkilotlar tomonidan ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.