Pittsburg State Universitetining Research and Innovation markazi

Pittsburg State Universitetining Research and Innovation markazi #GSBE #USA #PSU #Innovation #Research #Startup

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tinglovchilari AQShda davom etayotgan qisqa muddatli o‘quv dasturi doirasida Pittsburg State Universityning Research and Innovation (Tadqiqot va innovatsiya) markaziga tashrif buyurdilar.

Tashrif davomida markaz faoliyati, unda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar va innovatsion loyihalar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Ishtirokchilar zamonaviy texnologiyalar, ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirish jarayonlari, shuningdek, universitetning amaliy loyihalarni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish bo‘yicha yo‘lga qo‘ygan tizimi bilan yaqindan tanishdilar.

Markaz vakillari ayniqsa startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, yosh tadqiqotchilar uchun yaratilgan sharoitlar va ularning g‘oyalarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berishdi. Shuningdek, markazda olib borilgan tadqiqotlar natijasida turli sohalar uchun zarur bo‘lgan texnik qurilmalar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgani, bu jarayon yaqin yillarda yanada kengaytirilishi rejalashtirilayotgani qayd etildi.

Uchrashuv yakunida dastur ishtirokchilari va markaz mutaxassislari o‘rtasida savol-javoblar o‘tkazilib, bilim va tajriba almashildi. Tashrif delegatsiya a’zolariga innovatsion ekotizimning amaldagi ishlash jarayoni, universitet va sanoat o‘rtasidagi hamkorlik modeli hamda startaplarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida keng tasavvur berdi.