Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tinglovchilari global B2B platformalarida raqamli eksportning xalqaro tajribasini o‘zlashtirmoqda

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tinglovchilari global B2B platformalarida raqamli eksportning xalqaro tajribasini o‘zlashtirmoqda #GSBE #GraduateSchool #Masterclass #Digitalexports

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan Alibaba.com global B2B platformasining Markaziy Osiyo va MDH bo‘yicha mintaqaviy menejeri Shiyu Xe ishtirokida onlayn ma’ruza tashkil etildi. 

Uchrashuv davomida xalqaro mutaxassis 200 mingdan ortiq ta’minotchi va 200 millionga yaqin mahsulotni birlashtiruvchi Alibaba.com platformasining imkoniyatlari, tashqi savdoni raqamlashtirishga xizmat qiluvchi elektron hujjat aylanmasi, buyurtmalarni boshqarish tizimi, raqamli marketing vositalari hamda tahliliy yechimlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, O‘zbekiston korxonalarining xalqaro bozorlarga chiqishida yordam beruvchi transchegaraviy elektron savdo tizimlari va eksport jarayonlarini raqamlashtirish yo‘nalishlari atroflicha o‘rganib chiqildi.

Kichik va o‘rta biznes vakillari uchun B2B platformalaridan foydalanishning afzalliklari – savdo xarajatlarini kamaytirish, bitimlarni soddalashtirish va eksport yo‘nalishlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilarga onlayn buyurtmalar, elektron to‘lovlar, logistika xizmatlari hamda zamonaviy marketing usullari haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

Shiyu Xe raqamli texnologiyalar yordamida global bozorlarda o‘z o‘rnini topish strategiyalari, kontentni mahalliy sharoitga moslashtirish va xalqaro xaridorlar bilan samarali hamkorlik qilish yo‘llariga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

Ma’ruza yakunida interaktiv savol-javob sessiyasi o‘tkazilib, tinglovchilar O‘zbekiston kompaniyalarining eksport faoliyatini rivojlantirish uchun raqamli vositalarni qo‘llash jihatlarini muhokama qildilar.