Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida O‘zbekistonda elektron tijorat sohasini rivojlantirish bo‘yicha seminar yakunlandi

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida O‘zbekistonda elektron tijorat sohasini rivojlantirish bo‘yicha seminar yakunlandi #GSBE #GraduateSchool #Startup #BusinessEducation

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida tashkil etilgan “O‘zbekistonning raqamli kelajagini mustahkamlash: elektron tijorat tendensiyalari, huquqiy asoslari va global imkoniyatlar” mavzusidagi ikki kunlik xalqaro seminar yakunlandi.

  Seminarning ikkinchi kuni doirasida ishtirokchilar kichik guruhlarga bo‘lingan holda case study va amaliy muhokama mashg‘ulotlari shaklida o‘tkazildi. Tadbir davomida mahalliy tadbirkorlar uchun elektron tijorat sohasidagi mavjud muammolar, innovatsion yechimlar hamda yangi biznes imkoniyatlarini tahlil qildilar.

  Ishtirokchilar xalqaro bozorlarda milliy mahsulotlarni ilgari surish, elektron savdo platformalarida samarali strategiyalar ishlab chiqish va raqamli marketing vositalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy keyslar ustida ishladilar.

  Shuningdek, xorijiy va mahalliy ekspertlar bilan o‘zaro fikr almashuv davomida kichik biznes va ishlab chiqarish korxonalari uchun eksport bozorlariga chiqishda elektron tijoratning samarali mexanizmlarini qo‘llash masalalari muhokama qilindi.

  Natijada, guruhli muhokamalar tadbirkorlar uchun amaliy yo‘nalishlar, raqamli marketing yondashuvlari va eksport salohiyatini oshirishga doir aniq tavsiyalar ishlab chiqilishiga xizmat qildi.

  Tadbir yakunida ekspertlar O‘zbekistonning elektron tijorat infratuzilmasini mustahkamlash, raqamli xizmatlar sifati va ishonchliligini oshirish, shuningdek, xalqaro bozorlarda milliy brendlarning mavqeini kuchaytirishga qaratilgan amaliy takliflarni ilgari surdilar.

  Seminar yakunida ishtirokchilarga seminarni muvaffaqiyatli tugatganliklari bo‘yicha sertifikatlar topshirildi. Mazkur tadbir O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, elektron tijoratni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.