Yangiliklar
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida O‘zbekistonda elektron tijorat sohasini rivojlantirish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tmoqda

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida “O‘zbekistonning raqamli kelajagini mustahkamlash: elektron tijorat tendensiyalari, huquqiy asoslari va global imkoniyatlar” mavzusidagi ikki kunlik xalqaro seminar bo‘lib o‘tmoqda.
Seminar O‘zbekistonda elektron tijorat sohasidagi bilimlarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va raqamli iqtisodiyotning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Seminarni Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari U. Abidxo‘jayev, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi direktori o‘rinbosari M. Adilov hamda Osiyo taraqqiyot bankining Qonunchilikni isloh qilish departamenti mutaxassisi H. Lim ochib berdilar.
Tadbirda yetakchi xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirok etishdi. Jumladan, Frank Lyudvin Shefer (Alibaba Group), Shiyu Xe (Alibaba.com), M. Azamov (O‘zbekiston elektron tijorat uyushmasi) hamda OTB, Jahon banki va LUKOYL loyihalarida tajriba orttirgan elektron tijorat bo‘yicha mutaxassis F. Jabborova.
Tadbir ishtirokchilari o‘z chiqishlarida raqamli texnologiyalarni iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchiga aylantirish, elektron tijorat orqali milliy kompaniyalarni global bozorlarga olib chiqish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish zarurligini ta’kidladilar.
Bugungi kunda O‘zbekistonda elektron tijorat iqtisodiyotning eng tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, sohadagi savdo hajmi 15,2 trillion so‘mni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 108,2 foizga oshgan. Hozirda mamlakatda 1260 dan ortiq kompaniya elektron tijorat bilan shug‘ullanmoqda.
Tadbir davomida mutaxassislar elektron tijoratning asosiy yo‘nalishlari, xalqaro savdo platformalarida bitimlar tuzish shartlari, bozor tendensiyalari hamda B2B, B2C va B2G segmentlarida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, elektron savdoning amaliy jihatlari, raqamli xizmatlar orqali eksport hajmini oshirish va soha ishtirokchilarining majburiyatlarini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Ekspertlar elektron tijoratni barqaror iqtisodiy o‘sishning muhim omili sifatida rivojlantirish uchun kompleks yondashuv zarurligini ta’kidlab, transchegaraviy savdo, raqamli marketing va huquqiy tartibga solishdagi yangiliklar bo‘yicha fikr almashdilar.
Shuningdek, Xitoy va O‘zbekiston qonunchiligini qiyosiy o‘rganish va elektron tijoratda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar O‘zbekistonning global raqobatbardoshligini oshirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda milliy kompaniyalarni xalqaro tovar va xizmatlar bozorlariga olib chiqishga xizmat qiluvchi raqamli transformatsiyaning muhim bosqichi sifatida o‘tkazilmoqda.