Yangiliklar
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tinglovchilari "Crowne Plaza Tashkent" mehmonxonasi faoliyati bilan tanishdi
13-10-2026 | 45
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining DE-3ru(25S-f) guruhi tinglovchilari uchun “Xalqaro raqamli biznes” va “Katta ma’lumotlar bazasini boshqarish” fanlari doirasida Crowne Plaza Tashkent mehmonxonasida amaliy mashg‘ulot tashkil etildi.
Amaliy mashg‘ulotning asosiy maqsadi tinglovchilarning nazariy bilimlarini real biznes muhiti bilan bog‘lash, zamonaviy mehmonxona faoliyatida raqamli texnologiyalar, xalqaro biznes jarayonlari va katta ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.
Mashg‘ulot davomida tinglovchilar Crowne Plaza Tashkent mehmonxonasi misolida xalqaro mehmonxona biznesining tashkil etilishi, raqamli xizmatlar, mijozlar bilan o‘zaro munosabatlarni boshqarish, onlayn bronlash tizimlari hamda xizmatlarni raqamli kanallar orqali ilgari surish kabi yo‘nalishlarni o‘rganish imkoniga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, “Katta ma’lumotlar bazasini boshqarish” fani doirasida mijozlar haqidagi ma’lumotlarni tizimlashtirish, ma’lumotlar bazalaridan samarali foydalanish, mijozlar xulq-atvorini tahlil qilish va ushbu tahlillar asosida boshqaruv qarorlarini qabul qilishning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. “Xalqaro raqamli biznes” fani nuqtayi nazaridan esa xalqaro mehmonxona tarmoqlarining raqamli biznes modellari, global platformalar bilan ishlash va raqamli muhitda raqobatbardoshlikni oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bunday amaliy mashg‘ulotlar tinglovchilarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, zamonaviy raqamli biznes vositalarini amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini mustahkamlash va nazariy bilimlarni real korxona faoliyati bilan uyg‘unlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.