Yangiliklar
Urgut tumanida turizm faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan amaliy seminar-trening boshlandi
13-10-2026 | 73
Bugungi kunda Samarqand viloyatida turizmni rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirish va qishloq hududlarining turistik salohiyatidan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining Samarqand viloyati hududiy filiali tomonidan Samarqand viloyati Turizm boshqarmasi, «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamda Xalqaro turizm akademiyasi hamkorligida «Samarqand - Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi» mavzusida amaliy seminar-trening tashkil etildi.
12–16-oktabr kunlari davom etadigan tadbirda Urgut tumanining Qoratepa, Tersak, Omonqo‘ton va Bahrin mahallalarida faoliyat yuritayotgan oilaviy mehmon uylarining 40 nafar rahbari ishtirok etmoqda.
Seminar davomida ishtirokchilar oilaviy turizmni rivojlantirish imkoniyatlari va imtiyozlari, raqamli marketing, sayyohlarni jalb qilish, yangi turistik paketlar yaratish hamda elektron auksion platformalaridan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqda.
Tadbirning o‘ziga xos jihati - har bir trening yakunida oilaviy mehmon uylaridan birida mahorat darsi tashkil etilishidir. Bu orqali nazariy bilimlarni amaliyotga tatbiq etish va ilg‘or tajribalarni ommalashtirish ko‘zda tutilgan.
Mazkur seminar-trening oilaviy mehmon uylari faoliyatini takomillashtirish, xizmatlar sifatini oshirish va Urgut tumanining turistik jozibadorligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.