Yangiliklar
Nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari uchun navbatdagi malaka oshirish kursi boshlandi
12-10-2026 | 60
2026-yil 12-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda NNT vakillari uchun «Ijtimoiy ta’sir va notijorat tashkilotlarini boshqarish» yo‘nalishi bo‘yicha navbatdagi malaka oshirish kursining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur kurs «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, fuqarolik jamiyati institutlarining tashkiliy va boshqaruv salohiyatini mustahkamlash, NNT rahbarlari hamda mutaxassislarining kasbiy malakasini oshirish, ularning ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni hal etishdagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan.
Kursning tashkil etilishi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining notijorat sektori kadrlar salohiyatini rivojlantirish borasidagi tizimli ishlarining davomidir. Xususan, joriy yilning aprel oyida birinchi malaka oshirish kursi o‘tkazilgan bo‘lsa, oktabr oyida ikkinchi guruh tinglovchilari uchun mashg‘ulotlar boshlandi. Bu esa Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, NNTlar faoliyatini takomillashtirish va sohada malakali kadrlar salohiyatini oshirish borasidagi ishlarning izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.
Ochilish marosimida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Bosh prokuratura, tegishli vazirlik va idoralar, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida mamlakatimizda nodavlat notijorat sektorini rivojlantirish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, jamoatchilik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda NNTlar faoliyati samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarini samarali boshqarish, ularning moliyaviy barqarorligini ta’minlash, ijtimoiy loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha zamonaviy bilim hamda amaliy ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash muhimligi ta’kidlandi.
12–16-oktabr kunlari davom etadigan besh kunlik malaka oshirish kursida 40 nafarga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etmoqda. O‘quv dasturi NNTlar faoliyatining huquqiy asoslari, tashkiliy rivojlanish, strategik rejalashtirish, loyihalarni boshqarish, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, mablag‘ va boshqa resurslarni jalb etish, inson resurslarini boshqarish, strategik kommunikatsiyalar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish kabi mavzularni qamrab olgan.
Ochilish marosimidan so‘ng dastlabki o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Ularda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari, NNTlarni boshqarishning zamonaviy usullari, strategik rejalashtirish, tashqi manbalardan pul mablag‘lari va mol-mulk olish, tadbirlarni tashkil etish hamda hisobot taqdim etish tartibiga oid masalalar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, birinchi kun dasturida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazish nazarda tutilgan. Muloqot davomida NNTlar faoliyatida uchrayotgan huquqiy va tashkiliy masalalarni muhokama qilish, tinglovchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan bevosita javob olish rejalashtirilgan.
Malaka oshirish mashg‘ulotlarini olib borish uchun davlat organlari va ilmiy-tahliliy muassasalar mutaxassislari, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi professor-o‘qituvchilari hamda fuqarolik jamiyati sohasidagi ekspertlar jalb etilgan. O‘quv jarayonida nazariy bilimlarni amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirish, sohadagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, tajriba almashish va tinglovchilarning o‘z tashkilotlari faoliyatida qo‘llashi mumkin bo‘lgan boshqaruv ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Mazkur malaka oshirish kurslari nodavlat notijorat tashkilotlarining tashkiliy salohiyatini mustahkamlash, ijtimoiy loyihalar samaradorligini oshirish, mahallalarni rivojlantirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash hamda jamoatchilik tashabbuslarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.
Davlat dasturi doirasida navbatdagi malaka oshirish kursining tashkil etilishi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan NNTlar uchun malakali kadrlar tayyorlash, ularning boshqaruv salohiyatini oshirish hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar davom etayotganini ko‘rsatadi.