Yangiliklar
Tejamkor ishlab chiqarishni joriy etish bo‘yicha maslahatchilarni tayyorlash seminari yakunlandi
09-10-2026 | 20
9-oktabr kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida sanoat korxonalarida tejamkor ishlab chiqarishni joriy etish boʻyicha trenerlar va maslahatchilarni tayyorlashga qaratilgan amaliy seminar yakunlandi.
Seminarda yetakchi ekspert sifatida Germaniyalik biznes-maslahatchi F. Fremerey ishtirok etib, ishtirokchilarga sanoat korxonalarida xomashyo kelib tushishidan tayyor mahsulot ishlab chiqarilgunga qadar boʻlgan ishlab chiqarish jarayonini diagnostika qilish hamda turli ishlab chiqarish yoʻqotishlarini aniqlash usulini oʻrgatdi.
Ishtirokchilar amaliy misollar orqali ishlab chiqarish operatsiyalarida isteʼmolchi uchun qiymat qanday yaratilishini tahlil qilishni, shuningdek, buyurtmalarni bajarish muddatlarining uzayishiga va materiallar sarfining oshishiga olib keladigan ortiqcha xarajatlar, keraksiz ishlab chiqarish operatsiyalari hamda kutish vaqtlarini aniqlashni oʻrgandilar.
Seminarda ekspert ishlab chiqarish yoʻqotishlarini bartaraf etishning mahsulot tannarxini pasaytirish hamda xomashyo va materiallar sarfini tejashga xizmat qiluvchi vositalarini batafsil yoritib berdi.
Ishtirokchilar Germaniya, Xitoy, Indoneziya va boshqa mamlakatlar sanoat korxonalarining oʻquv keyslari asosida tejamkor ishlab chiqarish tizimini joriy etish orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirish tajribasini oʻrgandilar.
Seminarning yakuniy kunida tejamkor ishlab chiqarish tizimi boʻyicha bilim darajasini aniqlash test sinovlaridan oʻtgan ishtirokchilarga seminarni muvaffaqiyatli tamomlaganlik toʻgʻrisidagi sertifikatlar topshirildi.
Seminar yakunlariga koʻra, Oliy biznes maktabi professor-oʻqituvchilari va xodimlari korxonalar rahbarlari va mutaxassislari uchun tejamkor ishlab chiqarish boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazish, shuningdek, korxonalarda tejamkor ishlab chiqarish usullarini joriy etish boʻyicha biznes maslahatlar berish imkoniyatiga ega boʻladi.
Tejamkor ishlab chiqarishni joriy etish dasturi 12-17-oktabr kunlari Fargʻona viloyatining kichik sanoat zonalarida davom ettiriladi va uning doirasida sanoat korxonalarining muhandis-texnik xodimlari bevosita ishlab chiqarish uchastkalarida 5S, Kanban, qiymat oqimi xaritasi va PDCA vositalaridan foydalanishga oʻrgatiladi.