Yangiliklar
Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti bilan innovatsion hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi

Joriy yil 21 iyul kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi vakillarining Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot institutiga tashrifi amalga oshirilib, bunda institut masʼul xodimlari bilan uchrashuvi o‘tkazildi.
Maʼlumot uchun. Institut yarimo‘tkazgichlar fizikasi, mikroelektronika, materialshunoslik, geliofizika va muqobil energiya manbalari sohasida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar, innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda ilmiy izlanishlar natijalarini tijoratlashtirish bilan shug‘ullanadi.
Institut huzurida Mikroelektronika ilmiy-innovatsion markaz, Oliy taʼlim muassasalararo konstruktorlik-tajriba byurosi, Kriogen stansiyasi va “Tashelektroniks” MCHJ, noyob “EG-2 Sokol” elektrostatik tezlatgichi ilmiy uskunasi, 8 ta yo‘nalishdagi ilmiy laboratoriyalar mavjud.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda yarimo‘tkazgich va mikroelektronika mahsulotlari ishlab chiqarish xolati (mikrosxemalar dizayni va arxitekturasini yaratish, sinov va qadoqlash, ishlab chiqarish), sohani rivojlantirish imkoniyatlari va bunda institutning o‘rni, Institutda amalga oshirilayotgan ilmiy ishlar va ishlanmalarni amaliyotda qo‘llanishi hamda tijoratlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika sohasida ilmiy-amaliy yo‘nalishdagi mutaxassislarni tayyorlash, ilmiy ishlanmalar va yangi texnologiyalarga asoslangan loyihalarni birgalikda qo‘llab-quvvatlash hamda sohani jadal rivojlantirish yo‘nalishida o‘zaro hamkorlik qilishga kelishib olindi.