Xorazm viloyati tadbirkorlari uchun elektron savdoni rivojlantirish va eksport imkoniyatlari bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazildi

06-10-2026 | 23

Xorazm viloyati tadbirkorlari uchun elektron savdoni rivojlantirish va eksport imkoniyatlari bo‘yicha  amaliy seminar o‘tkazildi

#GSBE #GraduateSchool #Ecommerce #Study

2026-yil 6-oktyabr kuni Urganch shahridagi Ma’mun universitetida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, Xorazm viloyati hokimligi, O‘zbekiston Hunarmandlar uyushmasi va Yoshlar ishlari agentligi Xorazm viloyati boshqarmalari hamda “Wildberries” elektron savdo platformasi hamkorligida elektron tijorat va eksport imkoniyatlariga bag‘ishlangan amaliy seminar tashkil etildi. Tadbirda 150 nafardan ortiq tadbirkorlar, hunarmandlar, yoshlar va xotin-qizlar ishtirok etdi.

Bugungi kunda elektron tijorat kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun yangi xaridorlarga chiqish, mahsulotni keng targ‘ib qilish va savdo geografiyasini kengaytirishning muhim vositalaridan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, hududlarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni katta savdo tarmoqlariga olib chiqish imkoniyati cheklangan kichik ishlab chiqaruvchilar uchun marketpleyslar yangi imkoniyatlarni taqdim etmoqda.

Xorazm viloyati ham o‘ziga xos ishlab chiqarish va hunarmandchilik salohiyatiga ega hududlardan hisoblanadi. Viloyatda to‘qimachilik va tikuvchilik, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, milliy hunarmandchilik, yog‘och o‘ymakorligi, kulolchilik, gilamchilik, milliy liboslar va suvenir mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishlarida ko‘plab tadbirkorlik subyektlari faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, Xorazmning boy tarixiy-madaniy merosi va sayyohlik salohiyati mahalliy milliy mahsulotlarga nisbatan talabni oshirish uchun katta imkoniyat yaratadi. Xiva va Urganchda tayyorlanayotgan milliy suvenirlar, qo‘l mehnati asosida yaratiladigan buyumlar, milliy liboslar, zargarlik va hunarmandchilik mahsulotlarini nafaqat mahalliy xaridorlarga, balki mamlakatning boshqa hududlari va xorijiy iste’molchilarga ham taklif etish mumkin.

Ammo ayrim kichik ishlab chiqaruvchilar va hunarmandlarning mahsulotlari haligacha asosan mahalliy bozorlar, yarmarkalar yoki vositachilar orqali sotilmoqda. Shu bois ishlab chiqaruvchi mahsulotining yakuniy xaridorini to‘liq bilmaydi, bozordagi talabni tezkor baholay olmaydi.

Elektron savdo esa ana shu muammolarni qisqartirishga xizmat qiladi. Tadbirkor o‘z mahsulotini internet orqali turli hududlardagi xaridorlarga taklif qilib, mahsulotga bo‘lgan talabni kuzatadi, savdo hajmini tahlil qiladi va o‘z assortimentini bozor ehtiyojidan kelib chiqib shakllantirib boradi.

Tadbir davomida xorazmlik tadbirkorlar uchun aynan shu jihatlarga e’tibor qaratildi. Ishtirokchilarga mahalliy mahsulotlarni elektron savdo platformalariga chiqarish, onlayn do‘konni shakllantirish, mahsulot haqida to‘liq va jozibador ma’lumot berish, sifatli foto va video materiallardan foydalanish hamda xaridorlar bilan onlayn ishlash usullari tushuntirildi.

Shuningdek, tadbirkorlarga mahsulotlarni marketpleys omborlariga yetkazib berish yoki o‘z omboridan buyurtmalarni jo‘natish, logistika jarayonini tashkil etish, savdo natijalarini tahlil qilish va xaridorlar talabi asosida assortimentni takomillashtirish bo‘yicha amaliy tushunchalar berildi.

Amaliy seminar yakunida tadbirkorlar bilan keyingi bosqichda ishlash, elektron savdoga chiqishga tayyor subyektlarni saralash, ularning mahsulotlarini o‘rganish va marketpleyslarda savdoni boshlashda amaliy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.