Yangiliklar
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida tejamkor ishlab chiqarish vositalaridan foydalanish boʻyicha bir haftalik amaliy mashgʻulotlar dasturi boshlandi
06-10-2026 | 28
Bugungi kunda iqtisodiy samaradorlikni taʼminlash tovarlar va xizmatlar bozorida korxonalar raqobatbardoshligining muhim omiliga aylanmoqda. Shu bilan birga, ishlab chiqarish korxonalarining bozorda raqobatlasha olishi nafaqat zamonaviy uskuna va xomashyoga, balki ishlab chiqarish jarayoni qanchalik samarali tashkil etilganiga ham tobora koʻproq bogʻliq boʻlmoqda.
Tejamkor boshqaruv tizimi ishlab chiqarish korxonalariga yirik investitsiyalarsiz ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish, yashirin yoʻqotishlarni aniqlash va bartaraf etish, buyurtmalarni bajarish muddatlarini qisqartirish hamda ortiqcha xarajatlarni kamaytirish uchun zarur vositalarni taqdim etadi. Aynan shu sababli tejamkor ishlab chiqarish tizimi dunyoning yetakchi sanoat korxonalarida boshqaruv asosiga aylangan.
Mahalliy korxonalarda tejamkor ishlab chiqarish tizimini joriy etish maqsadida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Germaniyaning Katta ekspertlar xizmati (SES) bilan hamkorlikda joriy yilning 6-oktyabridan "Lean Production System" uzluksiz takomillashtirish ishlab chiqarish tizimidan foydalanish usullari bo‘yicha trener va konsultantlarni tayyorlash dasturini amalga oshirishni boshladi.
Mazkur seminar xorijlik ekspert, germaniyalik fan doktori F.Fremerey ishtirokida o‘tkazilib, unda Oliy biznes maktabining 25 nafar professor-o‘qituvchilari va xodimlari hamda uning hududiy filiallari vakillari ishtirok etmoqda.
Bir haftalik amaliy seminar dasturi tejamkor ishlab chiqarishning asosiy vositalarini, jumladan, Toyota ishlab chiqarish tizimi (TPS) tamoyillari, qiymat yaratish oqimini xaritalash (VSM), ishlab chiqarishdagi turli xil isroflarni aniqlash va bartaraf etish, 5S usuli bo‘yicha ish joyini tashkil etish tizimi hamda standartlashtirilgan ish tamoyillari va Kaydzen doimiy takomillashtirish usullarini joriy etishni qamrab oladi.
Mashg‘ulotlar asosini keyslar tahlili va amaliy mashqlar tashkil etdi, ularda ishtirokchilar tejamkor ishlab chiqarish vositalarini aniq ishlab chiqarish vaziyatlarida qo‘lladilar.
Tejamkor ishlab chiqarish Oʻzbekistonning kichik va oʻrta korxonalari uchun alohida imkoniyatlar ochadi. Resurslar cheklangan sharoitda ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish va tejamkor ishlab chiqarish vositalarini joriy etish hisobiga unumdorlikni oshirish koʻpincha yangi uskuna sotib olish yoki narxi yuqori bo‘lgan xomashyo va materiallardan foydalanishga qaraganda arzonroq boʻladi. Tejamkor ishlab chiqarishni joriy etish mahalliy korxonalarga tannarxni pasaytirish, mahsulot sifatini oshirish hamda ichki va tashqi bozorlardagi mavqeini mustahkamlashga yordam beradi.
Seminar ekspertning O‘zbekistondagi faoliyatining ilk bosqichi bo‘ldi. 12–16-oktyabr kunlari o‘quv mashg‘ulotlari Farg‘ona viloyatidagi kichik sanoat zonalarida davom etadi va unda tejamkor ishlab chiqarish usullari bevosita ishlab chiqarish maydonchalarida amalda qoʻllaniladi.