Yangiliklar
Narpay tumanida xotin-qizlar uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etildi
12-08-2026 | 43
Narpay tumanida “Ayollar daftari”ning 1- va 2-toifalariga kiritilgan, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi xotin-qizlar uchun 5 kunlik qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi xotin-qizlarning tadbirkorlik bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, ularni mustaqil daromad manbaini yaratishga yo‘naltirish hamda biznes g‘oyalarini amaliy faoliyatga aylantirish uchun zarur bilimlarni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
O‘quv mashg‘ulotlari Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining Samarqand viloyati hududiy filiali mutaxassislari tomonidan olib borildi.
Mashg‘ulotlarda tadbirkorlik va biznes asoslari, biznes g‘oyani shakllantirish, faoliyat yo‘nalishini tanlash, bozor talabini o‘rganish, daromad va xarajatlarni rejalashtirish hamda biznesni samarali yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
O‘quv jarayoni davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, tadbirkorlikni boshlash va rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar oldilar. Shuningdek, ishtirokchilar o‘z biznes g‘oyalari bilan o‘rtoqlashib, o‘zaro tajriba va fikr almashdilar.
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining Samarqand viloyati hududiy filiali tomonidan tashkil etilgan mazkur o‘quv kurslari aholining, xususan, xotin-qizlarning tadbirkorlik salohiyatini oshirishga qaratilgan amaliy tashabbuslardan biridir. Mutaxassislar tomonidan berilgan bilim va tavsiyalar ishtirokchilarga o‘z faoliyatini boshlash uchun zarur yo‘nalishlarni belgilashga yordam berdi.
5 kunlik o‘quv kurslar yakunida ishtirokchilarning tadbirkorlik haqidagi bilimlari mustahkamlanib, biznes g‘oyalarini shakllantirish va ularni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha zarur ko‘nikmalar rivojlantirildi.
Bunday tashabbuslar xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va yangi daromad manbalarini yaratish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.