Elektron tijorat Farg‘ona viloyati kichik va o‘rta biznesini raqamlashtirishga turtki bermoqda

30-07-2026 | 420

Elektron tijorat Farg‘ona viloyati kichik va o‘rta biznesini raqamlashtirishga turtki bermoqda

#GSBE #GraduateSchool #Ecommerce #Digital #SmallBusiness

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi “Wildberries” xalqaro elektron platformasi va Rishton tumani hokimligi bilan hamkorlikda “Elektron tijorat orqali kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash” mavzusida seminar o‘tkazdi.

Seminardan ko‘zlangan maqsad kichik va o‘rta biznesning elektron tijoratdagi faol ishtirokiga ko‘maklashish hamda xalqaro elektron savdo vositalaridan foydalangan holda an’anaviy tadbirkorlikni innovatsion yo‘l bilan transformatsiya qilish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat bo‘ldi.

Seminarda Rishton tumani hokimi B. Qodirov, Oliy biznes maktabi mutaxassisi G‘. Usmonov hamda “Wildberries” kompaniyasi vakillari A. Yoqubjonov, M. Tursunov va T. Temirov ishtirok etdilar.

Shuningdek tadbirda 70 dan ortiq korxona rahbari, jumladan, hunarmandlar, kichik va o‘rta biznes vakillari, savdo kompaniyalari hamda iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchilar qatnashdilar.

Oliy biznes maktabi vakili elektron tijoratning ahamiyati, uning kichik va o‘rta biznes o‘sishidagi imkoniyatlari, shuningdek, Rishton tumanining iste’mol bozori va ijtimoiy sohasini rivojlantirishdagi hissasini yoritib berdi.

Xususan, elektron tijorat korxonalarga uzluksiz rejimda ishlash, jahon bozorlariga chiqish va ayni vaqtda o‘z mahsulotlarini keng auditoriyaga taqdim etish imkonini berishi qayd etildi. Shuningdek, electron tijorat ishlab chiqarish va marketing xarajatlarini sezilarli darajada optimallashtirishga yordam berishi ko‘rsatib o‘tildi.