Yangiliklar
Buxoroda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi
27-07-2026 | 44
Buxoro shahar kasbiy ko‘nikmalar markazi hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Buxoro viloyati hududiy filiali hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PQ-64-son "Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish hamda unda belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga qaratilgan seminar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur qaror mamlakatimizda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, ijodkorlik va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiluvchi muhim me’yoriy-huquqiy hujjat hisoblanadi.
Seminarda korxona va tashkilotlar vakillari, tadbirkorlar hamda mutaxassislar ishtirok etdi. Tadbir davomida qarorda belgilangan ustuvor vazifalar, kreativ iqtisodiyotning mazmun-mohiyati, soha subyektlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, davlat tomonidan taqdim etilayotgan soliq, bojxona va moliyaviy imtiyozlar, shuningdek, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga an’anaviy tarmoqlarga zamonaviy ijodiy va texnologik yechimlarni joriy etish, investitsiyalarni jalb qilish, davlat ko‘magidan foydalanish tartiblari hamda kreativ iqtisodiyotning mamlakat iqtisodiy rivojlanishidagi o‘rni yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob oldilar. Mazkur seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-64-son qarorida belgilangan vazifalarni hududlarda samarali amalga oshirish, kreativ iqtisodiyot sohasida yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda aholi, ayniqsa yoshlar va tadbirkorlarning ushbu yo‘nalishdagi imkoniyatlardan xabardorligini oshirishga xizmat qildi.