Yangiliklar
Kimyo sanoatida sanoat korxonasi va ilmiy hamjamiyat o‘rtasidagi kooperatsiya masalalari muhokama qilindi
24-07-2026 | 48
2026-yil 24-iyul kuni kimyo sanoati sohasida “Ammofos-Maxam” aksiyadorlik jamiyatida mazkur korxona faoliyatini ilmiy-tadqiqot institutlari hamda ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari bilan kooperatsiyani rivojlantirish orqali yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
“Ammofos-Maxam” AJ O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun azot-fosforli mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalaridan biri hisoblanadi.
Davra suhbatida “O‘zkimyosanoat” AJ, “Ammofos-Maxam” AJ vakillari, Umumiy va noorganik kimyo instituti, Polimerlar fizikasi va kimyosi instituti, Toshkent davlat kimyo-texnologiya instituti, D.I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent filiali olimlari va ilmiy xodimlari, shuningdek, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar “Ammofos-Maxam” AJning ishlab chiqarish faoliyati, ishlab chiqarilayotgan kimyoviy mahsulotlar turi, mahsulot ishlab chiqarishning uzluksizligini ta’minlash hamda korxonaning joriy yil uchun belgilangan moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini bajarish bilan bog‘liq mavjud muammolar, shuningdek, kimyoviy mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarishni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari bilan tanishdilar.
Ilmiy muassasalar vakillari texnologik jarayonning yaxlitligi va uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha ilmiy yondashuvlarni taklif etdilar, shuningdek, yangi imkoniyatlardan foydalanish orqali korxonaning ishlab chiqarish salohiyatini yanada oshirish istiqbollarini ta’kidladilar.
Muhokamalar davomida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi mutaxassislari korxonaning moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan sanoat chiqindilarini qayta ishlash asosida yangi investitsiya loyihalarini yaratish hamda yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha bir qator takliflarni ilgari surdilar.
Davra suhbati davomida “Ammofos-Maxam” AJ faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida ilmiy hamjamiyat bilan samarali kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Xususan, ishtirokchilar tomonidan quyidagi tashabbuslar ilgari surildi:
ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan pilot loyihalar doirasida korxona ehtiyojlari uchun innovatsion yechimlarni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish;
ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish asosida yangi materiallarni yaratish, ularning bozor talabini sinovdan o‘tkazish hamda “Ammofos-Maxam” AJ ko‘magida sanoat miqyosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
kichik biznes subyektlari bilan hamkorlik va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish orqali kichik kimyo sanoatini rivojlantirish hamda uning qo‘shilgan qiymat yaratishdagi ulushini oshirish;
fosfogipsni qayta ishlash va utilizatsiya qilish masalalarini xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda yanada chuqur ishlab chiqishni davom ettirish.
Tadbir yakunida ishtirokchilar “Ammofos-Maxam” AJning ishlab chiqarish obyektlariga tashrif buyurib, texnologik jarayon hamda korxonada mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishning ayrim bosqichlari bilan yaqindan tanishdilar.