Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda «Oltiariq Agrostar» MCHJ agrobiznes sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi

22-07-2026 | 116

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda «Oltiariq Agrostar» MCHJ agrobiznes sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi

#GSBE #GraduateSchool #Agribusiness #Training #Cours

Farg`ona viloyatining Oltiariq tumanida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda «Oltiariq Agrostar» MCHJ o‘rtasida agrоbiznes sohasida o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolanadi.

Mazkur hamkorlikning asosiy maqsadi agrar tarmoq uchun zamonaviy boshqaruv, tadbirkorlik va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan malakali mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishdan iborat. Kelishuv agrоbiznes sohasida inson kapitalini rivojlantirish, ta’lim va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish hamda zamonaviy bilimlarni keng joriy etishga xizmat qiladi.

Hamkorlik doirasida agrоbiznes asoslari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari, malaka oshirish va kasbiy qayta tayyorlash kurslari, qisqa muddatli o‘quv dasturlari hamda Mini MBA in Agribusiness dasturini tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, seminarlar, treninglar, mahorat darslari, amaliy mashg‘ulotlar, sayyor darslar, stajirovkalar va ishlab chiqarish ta’limi dasturlari amalga oshiriladi.

Ta’lim jarayoniga agrar sohaning yetakchi mutaxassislari, tadbirkorlar, ekspertlar, amaliyotchilar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari jalb etilib, real biznes tajribasi asosida o‘quv dasturlari va keyslar ishlab chiqiladi. Tomonlar zamonaviy o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, darsliklar, raqamli ta’lim resurslari va boshqa o‘quv materiallarini birgalikda tayyorlash, shuningdek, konferensiyalar, forumlar va ilmiy-amaliy tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha ham hamkorlik qiladilar.

Kelishuvga muvofiq, o‘quv dasturlarini muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etiladi.

Mazkur hamkorlik agrar tarmoqda zamonaviy boshqaruv madaniyatini rivojlantirish, fermerlar va agrobiznes subyektlarining bilim hamda amaliy kompetensiyalarini oshirish, innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish va mamlakatimiz agrosanoat majmuasining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

Ushbu tashabbus davlat, ta’lim va xususiy sektor o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yanada mustahkamlash, agrobiznes uchun zamonaviy va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.