Yangiliklar
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi vakillari Turkiyada o‘tkazilgan treningda ishtirok etdilar
21-07-2026 | 165
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi vakillari oliy ta’lim tizimiga barqaror rivojlanish tamoyillarini integratsiya qilishga bag‘ishlangan o‘quv treningida ishtirok etdilar.
Tadbir Turkiyaning Karabuk universitetida Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi (KA2 yo‘nalishi) moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan GreenCamUz – «Yashil kampus tashabbusi: O‘zbekiston oliy ta’lim tizimiga barqaror rivojlanish tamoyillarini integratsiya qilish» loyihasi doirasida bo‘lib o‘tdi. Treningda Polsha, Litva, Turkiya, Marokash, Janubiy Afrika va AQShdan kelgan xalqaro ekspertlar, shuningdek, O‘zbekistonning beshta oliy ta’lim muassasasidan 20 ga yaqin vakillar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida loyiha hamkorlari bo‘lgan universitetlar, jumladan, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi «yashil» va barqaror kampus tamoyillarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijalarini taqdim etdilar. Oliy biznes maktabi vakili «Yashil kampus» tashabbusini joriy etish strategiyasini, shu jumladan, amalga oshirish mexanizmlari va yo‘l xaritasini taqdim etdi. Xorijiy ekspertlarning baholashiga ko‘ra, ushbu strategiya O‘zbekistondagi 200 dan ortiq oliy ta’lim muassasalarida shunga o‘xshash tashabbuslarni joriy etish uchun namuna bo‘lishi mumkin.
Ekologik tamoyillar va barqaror rivojlanish tamoyillarini ta’lim dasturlariga integratsiya qilish masalalariga аlohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar Karabuk universiteti, Vilnyus texnika universiteti (Litva), Kadi Ayyad universiteti (Marokash) va Janubiy Afrikaning Markaziy texnologiya universitetining ilg‘or tajribalari bilan tanishdilar. Bundan tashqari, ishtirokchilar AQShning o‘quv sillabuslarini ishlab chiqish bo‘yicha tajribasi, shuningdek, qishloq xo‘jaligida chorvachilik chiqindilarini boshqarish va oqava suvlarni tozalashning zamonaviy yondashuvlarini o‘rgandilar.
Dasturining amaliy qismi barqaror rivojlanish tamoyillarini sanoatda joriy etishga bag‘ishlandi. Tashrif doirasida ishtirokchilar Turkiyadagi Kardemir Iron and Steel Factory metallurgiya zavodiga tashrif buyurib, u yerda qo‘llanilayotgan ekologik yechimlar va ishlab chiqarish amaliyotlari bilan tanishdilar.
Trening yakunlari bo‘yicha ishtirokchilarga o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlaganliklari to‘g‘risida sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, tomonlar GreenCamUz loyihasi doirasidagi navbatdagi o‘quv treningi Toshkent shahrida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi bazasida o‘tkazilishiga kelishib oldilar.