Yangiliklar
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi va Qozon federal universiteti hamkorlikni mustahkamlamoqda
02-07-2026 | 51
2026-yilning 28-iyunidan 1-iyuliga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi delegatsiyasi Qozon shahriga (Rossiya Federatsiyasi) tashrif buyurib, Qozon federal universiteti rahbariyati bilan rasmiy muzokaralar o‘tkazishdi hamda “Zamonaviy biznes ta’limi: Rossiya va dunyo” nomli Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etishdi
Muzokaralar davomida tomonlar xalqaro qo‘shma magistratura dasturini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilgan hamkorlik natijalarini sarhisob qildilar, akademik hamkorlikni yanada rivojlantirish, akademik mobillikni kengaytirish, qo‘shma ilmiy-ta’lim loyihalarini amalga oshirish hamda yangi avlod boshqaruv kadrlarini tayyorlash istiqbollarini muhokama qildilar.
Tashrifning eng muhim voqeasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Qozon federal universitetining Biznes oliy maktabi o‘rtasida “Ikki diplom” (Double Degree) modeli asosidagi qo‘shma magistratura dasturini amalga oshirish to‘g‘risidagi shartnomaning tantanali ravishda imzolanishi bo‘ldi. Mazkur hujjatning imzolanishi yangi xalqaro ta’lim dasturining rasman ishga tushirilganini anglatadi va ushbu dasturga qabul boshlangan.
Qo‘shma magistratura dasturi “MBA – Innovatsion menejment” hamda “Menejment” yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni hamda dastur bitiruvchilarga ikki diplom Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining Master of Business Administration (MBA) diplomi va Qozon federal universitetining menejment yo‘nalishi bo‘yicha magistr diplomi berilishini nazarda tutadi. Ta’lim jarayoni tarmoqli o‘qitish modeli, zamonaviy raqamli texnologiyalar va har ikki ta’lim muassasasining ilg‘or akademik tajribalari asosida amalga oshiriladi.
Tashrif doirasida delegatsiya yetakchi universitetlar, davlat hokimiyati organlari, biznes va ekspertlar hamjamiyati vakillarini birlashtirgan “Zamonaviy biznes ta’limi: Rossiya va dunyo” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida ham ishtirok etishdi. Yalpi majlisda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi direktorining o‘rinbosari “O‘zbekiston biznes ta’limida yangi yondashuvlar va tendensiyalar: Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tajribasi” mavzusida ma’ruza bilan so‘zga chiqdi. Unda O‘zbekistonda biznes ta’limining zamonaviy rivojlanish tendensiyalari, amaliyotga yo‘naltirilgan ta’limni joriy etish tajribasi, ta’lim jarayonining raqamli transformatsiyasi, xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish hamda ikki diplomli dasturlarni amalga oshirish masalalari yoritildi. Shuningdek, yangi iqtisodiyot uchun boshqaruv kadrlarini tayyorlashda biznes ta’limining o‘rni hamda xalqaro akademik hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qo‘shma magistratura dasturining yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi akademik hamkorlik rivojida yangi bosqichni boshlab beradi. Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Qozon federal universitetining ta’lim an’analari va innovatsion yondashuvlarini birlashtirgan holda, dastur bo‘lajak boshqaruvchilar uchun amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim, zamonaviy raqamli vositalar va madaniyatlararo tajriba almashishga asoslangan to‘laqonli kasbiy o‘sish ekotizimini yaratadi. Dasturni o‘zlashtirish natijalari bo‘yicha beriladigan ikki diplom bitiruvchilarning yuqori darajadagi tayyorgarligini aks ettiradi va ularning kompetensiyalari milliy va xalqaro miqyosda e’tirof etilishining ishonchli kafolati hisoblanadi. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi zamonaviy iqtisodiyotning dolzarb chaqiriqlariga samarali javob bera oladigan malakali kadrlar salohiyatini shakllantirishga munosib hissa qo‘shadi.