Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi vakillari Rutgers universitetida

18-06-2026 | 15

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi vakillari Rutgers universitetida

#GSBE #GraduateSchool #Study #RutgersUniversity #USA

     Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi direktorining o‘rinbosari Bahrom Xolbayev boshchiligidagi delegatsiya Amerika Qo‘shma Shtatlarining yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan Rutgers universitetida qator uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

   Tashrifning asosiy maqsadlaridan biri Oliy biznes maktabida Executive MBA (EMBA) rahbarlar uchun biznes boshqaruvi magistratura dasturini joriy etish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish hamda mazkur yo‘nalishda hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat.

   Mazkur tashrif AQShning O‘zbekistondagi Elchixonasi va American Councils tashkiloti ko‘magida amalga oshirilayotgan Executive MBA dasturini ishlab chiqish loyihasi doirasida tashkil etildi.

     Rutgers Business School vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlarda EMBA dasturlarining akademik modeli, tinglovchilarni qabul qilish mezonlari, ta’lim jarayonini tashkil etish tamoyillari, o‘quv yuklamalari, dars jadvali va ish faoliyati bilan ta’limni uyg‘unlashtirish mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, rahbar va mutaxassislar uchun mo‘ljallangan dasturlarda amaliy biznes tajribasini ta’lim jarayoniga integratsiya qilish bo‘yicha yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.

    Alohida e’tibor tinglovchilarga qo‘shimcha qiymat yaratadigan omillarga, jumladan, professional networking, xalqaro akademik muhit, biznes hamjamiyati bilan hamkorlik va amaliy loyihalar orqali kompetensiyalarni rivojlantirish masalalariga qaratildi.

    Rutgers Business School AQShda Executive MBA ta’limi bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan va biznes ta’limi sohasida yuqori natijalarga erishib kelayotgan maktablardan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, mazkur tashrif Oliy biznes maktabida zamonaviy boshqaruv kompetensiyalarini shakllantirishga xizmat qiluvchi ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va takomillashtirish jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi.

     Uchrashuvlarda Rutgers Business School Executive MBA dasturi jamoasi, Marketing va kommunikatsiyalar departamenti vakillari, universitetning akademik faoliyat va rivojlanish bo‘yicha birinchi vitse-kansleri, biznes sohasidagi professor Jeffrey Robinson hamda vitse-kansler John Gunkel ishtirok etdi.

    Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or ta’lim amaliyotlarini o‘rganish va O‘zbekistonda rahbar kadrlarni tayyorlash sifatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan tashabbuslarni izchil davom ettirmoqda.