Yangiliklar
Farg‘onada tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligi ta’minlanmoqda
17-06-2026 | 43
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Farg‘ona viloyati hududiy filiali hamda Farg‘ona viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida aholi bandligini ta’minlash, ishsiz fuqarolarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish va ularning daromad manbalarini kengaytirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Hamkorlik doirasida Qo‘shtepa tumanidagi “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan hamda tadbirkorlikka qiziqishi bo‘lgan aholi qatlamlari va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun “Tadbirkorlik va biznes asoslari” o‘quv kurslari tashkil etildi. Ishtirokchilar kurs davomida biznes yuritish, marketing, moliyaviy boshqaruv, davlat ro‘yxatidan o‘tish, soliqlar va soliq imtiyozlari hamda biznes-rejalashtirish bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ldilar.
O‘quv kurslari natijasida bir qator yangi tadbirkorlik tashabbuslari hayotga tatbiq etilib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Jumladan, Qumtepa MFYda yashovchi O. Mirzamurodova o‘quv kurslarini tamomlagandan so‘ng mahalla hokim yordamchisi va xotin-qizlar faoli ko‘magida subsidiya asosida tikuv mashinalari olib, tikuvchilik sohasida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Bugungi kunda u 4 nafar ishsiz xotin-qizlga tikuvchilik kasbini o‘rgatib kelmoqda hamda kelgusida imtiyozli kredit asosida faoliyatini kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, Shakar MFYda yashovchi Sh. G‘ofurova qisqa muddatli tadbirkorlik kurslarini muvaffaqiyatli tamomlab, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tdi va davlat-xususiy sheriklik asosida o‘z xonadonida xususiy uy bog‘chasini tashkil qildi. Loyiha natijasida 4 nafar ishsiz fuqaroning doimiy bandligi ta’minlandi.
Bu kabi tashabbuslar viloyatda kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirish hamda aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.