Nukus shahrida tadbirkorlik orqali barqaror daromad va yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda

17-06-2026 | 47

Nukus shahrida tadbirkorlik orqali barqaror daromad va yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda

#GSBE #GraduateSchool #Women #Entrepreneurship

Bugungi kunda tadbirkorlikni rivojlantirish, mahalliy aholi bandligini ta’minlash hamda kichik biznes subyektlarining barqaror faoliyatini yo‘lga qo‘yish ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, hududlarda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Nukus shahrida istiqomat qiluvchi Q. Abibullayeva o‘z faoliyatini rivojlantirish, daromad manbaini kengaytirish hamda zamonaviy biznes yuritish ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filiali tomonidan tashkil etilgan “Marketing xizmatlari hamda tovar va xizmatlar reklamasini tashkil etish” o‘quv kursida tahsil oldi.

Kurs davomida unga biznesni tashkil etish, marketing asoslari, o‘zini o‘zi band qilish mexanizmlari hamda imtiyozli moliyaviy qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalar berildi.

Olingan bilim va ko‘nikmalar natijasida Q. Abibullayeva o‘zining tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, bugungi kunda mustaqil tadbirkor sifatida faoliyat yuritmoqda. Hozirda u oyiga o‘rtacha 15 million so‘m sof foyda olmoqda. U ishlab chiqarayotgan mahsulotlarning sifati yuqori darajada ekani, buyurtmalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishi mijozlar ishonchini yanada oshirmoqda. Natijada har kuni yangi buyurtmalar soni ortib, tadbirkorlik faoliyati izchil ravishda kengayib bormoqda. Shu bilan birga, yaqin muddatga 25 million so‘mlik yirik buyurtma ham qabul qilingan.

Korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilishida Biznes va tadbirkorlik Oliy maktabi Qoraqalpog‘iston hududiy filiali tomonidan amaliy ko‘mak ko‘rsatilib, tadbirkor o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi, “oilakredit.uz” platformasi orqali kredit olish uchun ariza topshirish jarayonida yordam berildi hamda faoliyatni boshlash uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalarni xarid qilishda ko‘maklashildi.

Hozirgi kunda Q. Abibullayeva nafaqat o‘z daromadini oshirmoqda, balki mahalliy aholining bandligini ta’minlashga ham hissa qo‘shmoqda. U 5 nafar shogirdga tikuvchilik sirlarini o‘rgatib, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish va amaliy tajriba berish orqali ustozlik faoliyatini ham olib bormoqda.

Olingan bilim va amaliy tajribalar tadbirkorning faoliyatini yanada kengaytirish, daromadlarini oshirish hamda hududda kichik biznes va hunarmandchilik sohasini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.