Yangiliklar
Surxondaryoda yangi tadbirkor ayollar avlodi shakllanmoqda
16-06-2026 | 40
Biznes va tadbirkorlik maktabi Surxondaryo viloyati hududiy filiali tomonidan aholini tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, ularning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilda tashkil etilgan “Tadbirkorlik va biznes asoslari” qisqa muddatli o‘quv kursini tamomlagan tinglovchilar o‘z biznes faoliyatlarini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yib, tadbirkorlik sohasida dastlabki natijalarga erishmoqdalar.
Jumladan, kurs tinglovchisi D. Xafizova tomonidan savdo shaxobchasi tashkil etildi. Bugungi kunda mazkur faoliyat doirasida uch nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan. Shuningdek, Surxondaryo filiali mutaxassislari tomonidan tadbirkorga biznes-rejasini takomillashtirish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilib, uning asosida 25 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘larini jalb etishiga ko‘maklashildi.
Yana bir tinglovchi H. Doniyarova o‘quv kursida olgan bilim va ko‘nikmalaridan samarali foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyatini boshladi. Kurs davomida u tadbirkorlik asoslari, biznes-reja tuzish va biznesni boshqarish bo‘yicha zarur bilimlarga ega bo‘ldi. Hozirgi kunda tadbirkor 30 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan faoliyatini kengaytirib, ikki nafar fuqaroni doimiy ish bilan ta’minladi.
Shuningdek, o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan X. Berdiyeva tikuvchilik sohasidagi tajribasini tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirish istagini bildirdi. Surxondaryo filiali mutaxassislari tomonidan unga biznes-reja tuzish bo‘yicha ko‘nikmalar berildi hamda subsidiya asosida qiymati 4,5 million so‘m bo‘lgan tikuv mashinasini xarid qilishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Natijada, o‘quv kurslari orqali tinglovchilar nafaqat tadbirkorlik bo‘yicha nazariy bilimlarga ega bo‘lmoqda, balki o‘z biznesini tashkil etish, imtiyozli moliyaviy resurslardan foydalanish va faoliyatini kengaytirish imkoniyatiga ham ega bo‘lmoqda.