Surxondaryoda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazildi

10-06-2026 | 34

Surxondaryoda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazildi

#GSBE #GraduateSchool #Business #Entrepreneurship

Joriy yilning 10-iyun kuni Surxondaryo viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish, biznes muhitini yanada yaxshilash hamda aholining iqtisodiy savodxonligini oshirishga qaratilgan bir qator muhim tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Viloyat Tadbirkorlar markazida Surxondaryo hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Surxondaryo viloyati hududiy filiali, Surxondaryo viloyati Savdo-sanoat palatasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi hamda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi mutaxassislari ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining asosiy maqsad va vazifalari, tadbirkorlik sohasida malakali kadrlar tayyorlash yo‘nalishidagi faoliyati hamda hududiy filial tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalarda zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etish, shaffoflik va samaradorlikni oshirish hamda davlat aktivlaridan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan axborot taqdim etildi.

Savdo-sanoat palatasi mutaxassislari tomonidan tadbirkorlar uchun yaratilayotgan qulay huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlar hamda ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi vakillari esa uy-joy kommunal xizmatlari, qurilish, transport, aloqa, telekommunikatsiya, bank-moliya, sug‘urta va ta’lim sohalarida iste’molchilar huquqlarini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bo‘yicha tushuntirishlar berdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarning savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi hamda o‘zaro fikr almashildi.

Shuningdek, Termiz shahrida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hamkorligida “Marketing va mahsulotlarni samarali sotish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbir davomida marketingning asosiy tamoyillari, mijoz ehtiyojlarini aniqlash, qiymat yaratish, 4P marketing modeli, mijozlarni segmentatsiya qilish hamda “muammo–yechim–qiymat” yondashuvi bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, mahsulotlarni samarali sotish usullari, marketing strategiyalarini qo‘llash, raqobatbardoshlikni oshirish hamda zamonaviy marketing vositalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi.

Tadbirlar doirasida innovatsion fikrlaydigan, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega biznes yetakchilarini tayyorlash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish hamda aholining biznes kompetensiyalarini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.