Qumqo‘rg‘on tumanida marketing va mahsulotlarni samarali sotish masalalari bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi

08-06-2026 | 31

Qumqo‘rg‘on tumanida marketing va mahsulotlarni samarali sotish masalalari bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi

#GSBE #GraduateSchool #Women #Youth #Entrepreneurship

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Surxondaryo hududiy filiali tomonidan Qumqo‘rg‘on tumanidagi Xotin-qizlar tadbirkorlik markazida hunarmandchilik bilan shug‘ullanayotgan hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi xotin-qizlar ishtirokida “Marketing va mahsulotlarni samarali sotish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga mahsulotlarni bozorga olib chiqish, mijozlar ehtiyojlarini o‘rganish, narx belgilash strategiyalari, reklama va targ‘ibot ishlarini samarali tashkil etish, shuningdek, zamonaviy marketing vositalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Shuningdek, hunarmandchilik mahsulotlarini mahalliy va elektron savdo platformalari orqali sotish imkoniyatlari, shaxsiy brend yaratish, xaridorlar bazasini kengaytirish hamda mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Ochiq muloqot doirasida mutaxassislar tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va rivojlantirishga oid savollarga batafsil javob berdilar. Shu bilan birga, xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan taklif va tashabbuslari yuzasidan fikr almashildi.

Mazkur tadbir xotin-qizlarning biznes ko‘nikmalarini mustahkamlash, marketing sohasidagi bilimlarini boyitish hamda ularning iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qildi.