Yangiliklar
Iroda va mehr bilan barpo etilgan maskan
06-06-2026 | 37
Yangiyo‘l shahrida ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish va nogironligi bo‘lgan bolalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida yangi kunduzgi parvarish markazi ishga tushirildi.
Mazkur tashabbus Dilorom Annakulova tomonidan amalga oshirilib, u ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dasturlari, jumladan “Ayollar daftari” doirasidagi imkoniyatlardan samarali foydalangan holda o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.
Dilorom Annakulova yoshligidan nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida hayotiy qiyinchiliklarni yengib o‘tgan bo‘lib, orttirgan tajribasi uni nogironligi bo‘lgan bolalarga yordam ko‘rsatish yo‘nalishida faoliyat boshlashga undadi. U o‘z oldiga 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan kunduzgi parvarish markazini tashkil etish maqsadini qo‘ygan.
Tashabbusni amalga oshirish jarayonida u zarur hujjatlarni rasmiylashtirdi, mutaxassislar bilan hamkorlik qildi hamda bolalar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish bo‘yicha ishlarni olib bordi.
Natijada Yangiyo‘l shahrida imkoniyati cheklangan bolalar uchun kunduzgi parvarish markazi tashkil etildi. Hozirgi kunda markazda 18 nafar nogironligi bo‘lgan bola “kunduzgi parvarish” xizmati bilan qamrab olingan. Markazda bolalarning ta’lim olishi, ijtimoiy moslashuvi hamda ularning qobiliyat va qiziqishlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Loyiha doirasida 6 ta yangi ish o‘rni yaratilib, mahalliy aholi uchun qo‘shimcha bandlik imkoniyatlari shakllantirildi. Bu esa bir qator oilalar uchun barqaror daromad manbai paydo bo‘lishiga xizmat qildi.
Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish jarayonida Dilorom Annakulova Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Toshkent viloyati hududiy filiali ko‘magidan foydalangan. U “Marketing xizmatlari hamda tovar va xizmatlar reklamasini tashkil etish” o‘quv kursida ishtirok etib, tegishli sertifikatga ega bo‘lgan.
Shuningdek, filial mutaxassislari tomonidan biznes-reja tayyorlash, kredit olish va tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatilgan. Natijada tadbirkor 30 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olishga erishgan.
Bugungi kunda Dilorom Annakulova yakka tartibdagi tadbirkor (YATT) sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Uning 8 yillik tadbirkorlik tajribasi ijtimoiy yo‘naltirilgan biznes loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur loyiha ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish, nogironligi bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash hamda aholining bandligini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarning samarali natijasi hisoblanadi.
Yangiyo‘lda tashkil etilgan markaz bugungi kunda bolalar va ularning oilalari uchun muhim ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maskaniga aylangan.