Buxoro viloyatida yangi ish o‘rinlari yaratilib, ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar amalga oshirilmoqda

06-06-2026 | 46

Buxoro viloyatida yangi ish o‘rinlari yaratilib, ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar amalga oshirilmoqda

#GSBE #GraduateSchool #Women #Youth #Entrepreneurship

Buxoro viloyatida aholi tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, kichik biznesni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha tizimli ishlar davom etmoqda. Mazkur faoliyat samaradorligining navbatdagi amaliy natijalari Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining Buxoro viloyati hududiy filiali ko‘magida amalga oshirilgan muvaffaqiyatli loyihalarda o‘z aksini topdi.

Shunday loyihalardan biri Ijtimoiy reyestrda ro‘yxatda turgan fuqaro Zaripova Hurriyat tomonidan amalga oshirildi. U oilasining iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash va doimiy daromad manbaini yaratish maqsadida davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Buxoro viloyati hududiy filiali tomonidan tashkil etilgan “Marketing xizmatlari hamda tovar va xizmatlar reklamasini tashkil etish” o‘quv kursida ishtirok etdi.

O‘quv kursi davomida tinglovchi marketing faoliyatini tashkil etish, mijozlar bilan ishlash, buxgalteriya hisobi hamda tadbirkorlik faoliyatini boshqarish bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ldi. Shuningdek, filial mutaxassislari tomonidan biznes g‘oyani shakllantirish, biznes-reja tayyorlash, moliyaviy rejalashtirish, buxgalteriya hisobini yuritish hamda davlat tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozli qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan foydalanish yuzasidan har tomonlama amaliy va maslahat ko‘maklari ko‘rsatildi.

Natijada “Zarif Zulfiya” oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yildi va uning doirasida 8 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Yangi tashkil etilgan muassasa hududda maktabgacha ta’lim xizmatlari qamrovini kengaytirish bilan birga, xotin-qizlar va yoshlar uchun qo‘shimcha bandlik imkoniyatlarini ham yaratmoqda.

Yana bir muvaffaqiyatli loyiha sifatida “Golden Degrez” oilaviy mehmonxonasi faoliyatini misol keltirish mumkin. Mazkur mehmonxona rahbari Salimova Dilorom uzoq yillardan buyon mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatib, Buxoro viloyatining turizm salohiyatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Mehmonxona faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi mutaxassislari tomonidan tadbirkorga kompleks konsalting xizmatlari ko‘rsatildi. Xususan, buxgalteriya hisobini samarali tashkil etish, moliyaviy rejalashtirish, xarajatlarni tahlil qilish va optimallashtirish, biznesning iqtisodiy samaradorligini oshirish hamda mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Ko‘rsatilgan konsalting xizmatlari natijasida mehmonxona faoliyati yangi bosqichga ko‘tarildi. Xizmatlar ko‘lami kengaytirildi, servis sifati yaxshilandi va korxonaning moliyaviy barqarorligi mustahkamlandi. Shuningdek, mehmonxonada 5 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu esa aholi bandligini ta’minlash va hududda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Amalga oshirilgan mazkur loyihalar Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan ko‘rsatilayotgan ta’lim va konsalting xizmatlarining amaliy samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda. Kompleks qo‘llab-quvvatlash natijasida fuqarolar o‘z biznes g‘oyalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish, faoliyatini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish va biznes loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi.