Qashqadaryo viloyatida qisqa muddatli o‘quv kurslari tinglovchilari o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda

05-06-2026 | 31

Qashqadaryo viloyatida qisqa muddatli o‘quv kurslari tinglovchilari o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda

#GSBE #GraduateSchool #Women #Youth #Entrepreneurship

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Qashqadaryo viloyati hududiy filiali tomonidan tashkil etilgan qisqa muddatli o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilar bugungi kunda o‘z biznes faoliyatlarini yo‘lga qo‘yib, yangi ish o‘rinlari yaratishga munosib hissa qo‘shmoqda.

Jumladan, G‘uzor tumani Xo‘jaguzar mahallasida istiqomat qiluvchi Setora Salomova o‘quv kursida olgan bilim va ko‘nikmalarini amaliyotga tatbiq etib, hokim yordamchisi ko‘magida subsidiya asosida tikuv mashinasi xarid qildi hamda o‘zini o‘zi band qilgan holda faoliyatini boshladi. Ayni paytda u 3 nafar ishsiz xotin-qizlarga tikuvchilik kasbini o‘rgatib kelmoqda. Kelgusida imtiyozli kreditdan foydalanib, o‘z faoliyatini yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, Dehqonobod tumanida yashovchi Ramazon O‘rinov ham qisqa muddatli o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlab, 10 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit oldi. Mazkur mablag‘ hisobidan erkaklar sartaroshxonasini tashkil etib, o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.

Yana bir muvaffaqiyatli loyiha G‘uzor tumani Guliston mahallasida istiqomat qiluvchi Xolbibi Ibragimova tomonidan amalga oshirildi. U ham o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagach, hokim yordamchisi ko‘magida 30 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyatini boshladi. Bugungi kunda u 12 nafar xotin-qizlarni doimiy ish bilan ta’minlab, ularning bandligi va daromadlarini oshirishga xizmat qilmoqda.

Mazkur natijalar Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan tashkil etilayotgan qisqa muddatli o‘quv kurslarining amaliy samaradorligini namoyon etib, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.