Yangiliklar
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi delegatsiyasining Erasmus+ "GreenCamUz" loyihasi doirasida Polshaga amaliy tashrifi
26-05-2026 | 99
Joriy yilning 18–22-may kunlari Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi delegatsiyasi Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi (KA2 yo‘nalishi) tomonidan moliyalashtirilayotgan “GreenCamUz – Yashil kampus tashabbusi: O‘zbekiston oliy ta’limiga barqarorlik tamoyillarini integratsiyalash” loyihasi doirasida Polsha Respublikasining Opole shahriga xizmat safarini amalga oshirdi. Safar davomida oliy maktab vakillari loyihaning ekspert-hamkori hisoblangan Opole texnologiya universitetida tashkil etilgan va barqaror rivojlanish hamda yashil kampuslar masalalariga bag‘ishlangan jadallashtirilgan xalqaro o‘quv seminarlarida faol ishtirok etishdi. Mazkur nufuzli tadbirlar haftalik dastur doirasida O‘zbekiston, Turkiya va Litvadan tashrif buyurgan 27 nafar hamkor universitetlar vakillarini bir maydonga jamladi.
Anjumaning ochilish kunida o‘zbekistonlik mutaxassislar tomonidan loyihada ishtirok etayotgan mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari uchun mo‘ljallangan “Yashil kampus” strategiyasi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasi taqdim etildi. Ekologik barqarorlikni va oliy ta’lim muassasalarini zamonaviy yashil kampuslarga aylantirishni maqsad qilgan ushbu strategik hujjatlar tadbirda ishtirok etayotgan Polsha, Litva va Turkiya universitetlari ekspertlari tomonidan yuksak baholanib, ijobiy qabul qilindi. Opole texnologiya universiteti o‘z navbatida barqaror rivojlanish, energiya samaradorligi va atrof-muhitga zararsiz akademik kampuslar yaratish sohasidagi o‘z tajribasini o‘rtoqlashib, xalqaro hamkorlik va ilg‘or amaliyotlar almashinuviga yetakchilik qildi.
Muvaffaqiyatli boshlangan haftalik dastur o‘z ishini ma’ruzalar, ekspertlar taqdimotlari va hamkorlikdagi amaliy mashg‘ulotlar bilan davom ettirdi. Seminarlar davomida ishtirokchilar ekologiya va barqaror rivojlanish yo‘nalishlarida yangi o‘quv kurslari sillabuslarini birgalikda ishlab chiqish ustida ish olib borishdi. Shu bilan birga, mezbon universitet tomonidan qayta tiklanadigan energiya manbalari, energiyani boshqarish, chiqindilarni utilizatsiya qilish hamda barqaror transport tizimini rivojlantirish bo‘yicha joriy etilgan zamonaviy yechimlar namoyish etildi. Dasturning o‘ziga xos qismi sifatida ishtirokchilar uchun transport vositasini ekologik boshqarish (eco-driving) mashg‘ulotlari ham tashkil etilib, unda transport sohasiga yanada mas’uliyatli yondashuvni shakllantiruvchi kam emissiyali va energiya tejamkor boshqarish uslublari o‘rgatildi.
Olingan nazariy va uslubiy bilimlarni amaliyot bilan bog‘lash maqsadida xizmat safari dasturiga maxsus o‘quv tashriflari ham kiritildi. Xususan, ishtirokchilar Opole shahrida joylashgan zamonaviy oqova suvlarni tozalash inshootiga tashrif buyurib, ushbu ob’ektning texnik imkoniyatlari, atrof-muhit xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan ilg‘or texnologiyalari hamda boshqaruv tizimi bilan yaqindan tanishdilar.
Ushbu xizmat safari Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish hamda oliy ta’lim tizimiga barqarorlik va yashil iqtisodiyot tamoyillarini integratsiyalash borasidagi izchil sa’y-harakatlarining yana bir muhim bosqichi bo‘ldi. Loyiha doirasida olingan boy tajriba, o‘rganilgan Yevropa andozalari va o‘rnatilgan yangi aloqalar kelgusida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida “Yashil kampus” konsepsiyasini muvaffaqiyatli joriy etish uchun mustahkam zamin yaratishga xizmat qiladi.