Yangiliklar
Qoraqalpog‘istonda talaba-yoshlar va xotin-qizlar uchun tadbirkorlikka oid o‘quv seminarlari tashkil etildi
21-05-2026 | 34
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filiali tomonidan hududda tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlar va xotin-qizlarning biznes tashabbuslarini rag‘batlantirishga qaratilgan qator o‘quv seminarlari tashkil etildi.
Jumladan, Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filialida talaba-yoshlarning innovatsion salohiyatini rivojlantirishga bag‘ishlangan “Startap asoslari” mavzusidagi o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Tadbir Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filiali hamda IT-Park filiali hamkorligida tashkil etildi.
Seminar davomida mamlakatimizda innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirishda ilmiy va amaliy tadqiqotlar natijalaridan samarali foydalanish, zamonaviy mahsulotlar va yuqori texnologiyalarni ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish sohalariga joriy etishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Shuningdek, talaba-yoshlar orasida startap harakatini keng ommalashtirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga tizimli ravishda jalb etish hamda innovatsion g‘oyalar asosida yangi biznes subyektlarini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘quv seminari yakunida ishtirokchilar startap loyihalarini amaliy bosqichga olib chiqish, moliyalashtirish manbalarini izlash hamda investorlar bilan ishlash strategiyalari bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
Shu bilan birga, Nukus davlat innovatsiya universitetining Xo‘jayli tumanidagi binosida “Xizmatlar sohasida tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish” mavzusida navbatdagi o‘quv seminari tashkil etildi. Tadbir O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Mazkur seminar tadbirkorlik faoliyatini boshlashga qiziqish bildirgan xotin-qizlar hamda bitiruvchi talabalar uchun mo‘ljallandi. Mashg‘ulotlar davomida davlat aktivlarini realizatsiya qilish va ijaraga berishning ochiq hamda shaffof mexanizmlari, davlat-xususiy sheriklik asosidagi amaliy jarayonlar, shuningdek “E-auksion” va “E-shop” elektron platformalaridan foydalanish tartiblari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Seminarlar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob oldilar hamda biznes va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha taklif va tashabbuslarini bildirdilar.
Mazkur tadbirlar yoshlar va xotin-qizlarning tadbirkorlik salohiyatini oshirish, innovatsion fikrlashni rivojlantirish hamda hududda yangi biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.