Namanganda metallga ishlov berish yo‘nalishida amaliy mahorat darsi tashkil etildi

20-05-2026 | 451

Namanganda metallga ishlov berish yo‘nalishida amaliy mahorat darsi tashkil etildi

#GSBE #GraduateSchool #Entrepreneurship #SmallBusiness

Namangan viloyati Uychi tumani “Qumtepa” MFY hududida metallga ishlov berish va metall konstruksiyalar ishlab chiqarish yo‘nalishida kichik ishlab chiqarish biznesini rivojlantirishga bag‘ishlangan amaliy uchrashuv hamda mahorat darsi tashkil etildi. Tadbir Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Namangan viloyati hududiy filiali hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Namangan viloyati hududiy boshqarmasi hamkorligida o‘tkazildi.

Tadbirning asosiy maqsadi ushbu yo‘nalishdagi muvaffaqiyatli amaliy tajribalarni tadbirkorlar va o‘z biznesini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolar orasida keng targ‘ib qilishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida ishtirokchilar temirchilik va metallga ishlov berishga ixtisoslashgan “Qumtepa” yoshlar kichik sanoat zonasiga tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayonlari, yaratilgan ish o‘rinlari hamda tayyor mahsulotlar bilan yaqindan tanishdilar.

Amaliy uchrashuv davomida Balandariq MFYda faoliyat yurituvchi tadbirkor Abdinozir Madaminovning tajribasi alohida qiziqish uyg‘otdi. U 3,5 sotix maydonda metall mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, mavsum davomida 6 nafargacha ish o‘rni yaratmoqda. Korxonada 10 dan ortiq turdagi zamonaviy metall konstruksiyalar va mahsulotlar tayyorlanadi. Tadbirkor ishtirokchilarga ishlab chiqarishni tashkil etish, mijozlar bilan ishlash hamda biznesni rivojlantirish bo‘yicha o‘z amaliy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida tadbirkorlik asoslari, moliyaviy savodxonlik, davlat tomonidan ajratilayotgan imtiyoz va grantlar, davlat aktivlarini ijaraga berish va xususiylashtirish mexanizmlari hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalari yuzasidan ma’lumotlar berildi.

Tadbirning amaliy formatda tashkil etilgani ishtirokchilarga nafaqat nazariy bilimlar, balki real biznes tajribasi bilan tanishish, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish hamda ishlab chiqarish sohasida o‘z faoliyatini boshlash bo‘yicha foydali tavsiyalar olish imkonini yaratdi.