Yangiliklar
Oliy biznes maktabi va Germaniyaning “Senior Experten Service” GmbH (SES) hamkorligida amaliy seminarlar tashkil etildi

Oliy biznes maktabida xalqaro hamkorlik doirasida korporativ va loyiha boshqaruvi, iqtisodiyotning talab yuqori sohalari bo‘yicha kadrlar tayyorlash va malaka oshirish, shuningdek, ilmiy va o‘quv-metodik ishlar bo‘yicha qator tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda, Germaniyaning “Senior Experten Service GmbH” (SES) bilan hamkorlik doirasida joriy yilning 27 aprel – 22 may kunlari Gannover amaliy fanlar va sanʼat universiteti o‘qituvchisi, muhandis-maslahatchi X.Pankov ishtirokida maʼruzalar, seminar va mahorat darslari tashkil etildi. Treninglarda Oliy biznes maktabi professor-o‘qituvchilari, markaziy apparat xodimlari va hududiy filiallar vakillari qatnashdi.
Maʼlumot uchun: “Senior Experten Service” GmbH (SES) – Germaniyaning yetakchi ekspertlik tashkilotlaridan biri bo‘lib, boshqaruv, texnologiya va taʼlim sohalarida bilim almashuvini qo‘llab-quvvatlaydi va xalqaro miqyosda mutaxassislarni jalb etish orqali barqaror rivojlanishga xizmat qiladi.
X.Pankov ishlab chiqarish, logistika, boshqaruv tizimlari, avtomatlashtirish texnologiyalari va taʼminot zanjiri sohasida boshqaruvchi direktor va menejer sifatida 30 yillik tajribaga ega mutaxassis hisoblanadi.
SES mutahassisi seminarlarda ishlab chiqarish, logistika, avtomatlashtirish va taʼminot zanjirlari bilan bog‘liq amaliyotlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, dars jarayonlarida o‘zgarishlarni boshqarish, sifat nazorati, SWOT tahlil va korporativ strategiyalarni shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu bilan birga, Oliy biznes maktabi va Bekobod tumani hokimligi hamkorligida “Achamayli” MFYda mahalliy aholi va tadbirkorlar uchun qisqa muddatli o‘quv kursi tashkil etildi. Unda X.Pankov “Ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil qilish va resurslardan oqilona foydalanish texnologiyalarini joriy etish” mavzusida hududdagi tadbirkorlarga amaliy tavsiyalar berdi.
Ishtirokchilar biznes jarayonlarni optimallashtirish, innovatsion yondashuvlar va zamonaviy menejment bo‘yicha fikr yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar. Mashg‘ulotlar yakunida ularga sertifikatlar topshirildi.
Ushbu seminarlar natijasida ishtirokchilar zamonaviy boshqaruv va ishlab chiqarish jarayonlarini samarali tashkil qilish, strategik rejalashtirish va innovatsion yechimlarni qo‘llash bo‘yicha zarur bilimlarga ega bo‘ldilar. Germaniyalik ekspert tavsiyalari esa Oliy biznes maktabida taʼlim jarayonlarni takomillashtirish va dasturlarni bozor talablari hamda milliy iqtisodiyot ehtiyojlariga muvofiq ravishda yangilashda muhim asos bo‘ldi.