Yangiliklar
Ayollar uchun imkoniyatlar: Bo‘stonliqda ta’lim va motivatsiya dasturi
15-05-2026 | 34
Ko‘plab ishtirokchilar uchun Bo‘stonliq tumaniga uyushtirilgan ushbu safar oddiy dam olish emas, balki hayotida yangi bosqichni boshlash imkoniyatiga aylandi.“Ayollar daftari”ga kiritilgan Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlaridan kelgan xotin-qizlar sog‘lomlashtirish, ta’lim va psixologik qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga olgan maxsus dasturda ishtirok etdilar.
“Livinston” dam olish maskanida ishtirokchilar uchun amaliy seminar va treninglar tashkil etildi. Dastur davomida ayollarning moliyaviy mustaqilligini oshirish, ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda tadbirkorlik faoliyatini boshlash, biznes g‘oyalarni shakllantirish, moliyaviy rejalashtirish hamda biznes loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Ishtirokchilar o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish jarayonida zarur bo‘ladigan bilim va tajribalar bilan tanishdilar.
Dastur doirasida psixologik treninglar ham tashkil etilib, ular ayollarning liderlik qobiliyatini rivojlantirish, ichki salohiyatini ochish va motivatsiyasini oshirishga qaratildi. Tashkilotchilar ta’kidlashicha, amaliy bilim va ruhiy qo‘llab-quvvatlash uyg‘unligi ishtirokchilarga o‘z kuchiga ishonch bag‘ishlamoqda.
Mazkur tashabbuslar oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati doirasida amalga oshirilmoqda. Dasturga ko‘ra, har yili ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan qariyb 50 ming nafar xotin-qizlar Toshkent viloyatidagi sog‘lomlashtirish hududlarida ta’lim va tiklanish kurslarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Tashkilotchilar fikricha, bunday loyihalar xotin-qizlarga nafaqat yangi bilim olish, balki ish bilan ta’minlanish, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda mamlakat iqtisodiy hayotida faol ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.