Amudaryoda tadbirkorlar uchun seminar-trening o‘tkazildi

13-05-2026 | 104

Amudaryoda tadbirkorlar uchun seminar-trening o‘tkazildi

#GSBE #GraduateSchool #Finance #Credit

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani hokimligi binosida tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Tadbir Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filiali va “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ hududiy filiali hamkorligida tashkil etildi.

Seminarda hududdagi kichik va o‘rta biznes vakillari, tijorat banklari rahbar xodimlari hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolar ishtirok etdi.

Tadbirda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ hududiy filiali rahbari A. Baskabaev hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filiali bosh mutaxassislari A. Urinbaev va B. Alimov tomonidan tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilayotgan zamonaviy moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.

Xususan, imtiyozli kreditlar ajratish, kredit kafilligi, foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish, loyihalarga ulush asosida mablag‘ kiritish hamda resurslardan samarali foydalanish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Seminar davomida tadbirkorlarning investitsiya jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish, moliyalashtirish jarayonlarini soddalashtirish va bank xizmatlaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilarga biznes loyihalarni shakllantirish va moliyaviy instrumentlardan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ham berildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi. Shuningdek, hududlarda tadbirkorlar bilan bunday ochiq muloqot va amaliy seminarlarni muntazam tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.