Yangiliklar
"Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturi

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining Jizzax viloyati hududiy filiali tomonidan Jizzax shahar, Baxmal, Paxtakor va Forish tumanlarida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish maqsadida tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 17.01.2025-yildagi “2025-yilda Aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-12-sonli hamda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi PQ-330-sonli qarorlari ijrosini ta‘minlash maqsadida Jizzax viloyatining Jizzax shahar, Baxmal, Paxtakor va Forish tumanlarida yoshlar, xotin-qizlar va tadbirkorlikka qiziquvchi qatlami uchun "Tadbirkorlik va biznes asoslari" yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslar tashkil qilindi.
Bunday o‘quv kurslarini tashkil etish asosiy maqsadi:
· Hududlarda aholi bandligini ta‘minlash, aholini tadbirkorlikka jalb qilish va daromadlarini oshirish, yangi yondashuvlarni keng joriy qilish, mahallalarda ehtiyojmand aholi qatlami bilan manzilli ishlashni tashkil etish va ijtimoiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, mavjud resurslar, imtiyozlar va preferensiyalardan foydalanish samaradorligini oshirish orqali yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirish;
· mahallalarda tashabbuskor aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning biznes g‘oyalari asosida yangi loyihalar ishlab chiqish, kredit ajratish, loyihalarni amalga oshirishda hamrohlik qilish;
· o‘zini o‘zi band qilgan shaxs — yakka tartibdagi tadbirkor — kichik biznes — o‘rta biznes zanjiri asosida tadbirkorlikning har bir bosqichida moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlash;
· aholi tomorqalari va ijaraga berilgan yer uchastkalarida yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli sotib olish uchun tadbirkorlar bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish va ularning loyihalarini moliyalashtirish;
· tadbirkorlik loyihalarini ishga tushirish orqali ustuvor ravishda kambag‘al oilalar a‘zolarini ishga joylashtirish;
· mahallalarda yordamchi-agentlar orqali bank xizmatlarini targ‘ib qilish, aholining moliyaviy savodxonligini oshirish va yangi mijozlarni jalb qilish.
O‘quv kurslar orqali yoshlar, xotin-qizlar va tadbirkorlikka qiziquvchi qatlami uchun zarur bo‘lgan bilimlar va ko‘nikmalar taqdim etildi. Ishtirokchilarga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish tadbirkorlik faoliyatlarini rivojlantirish, ularning tadbirkorlik sohasidagi bilim va koʻnikmalarini oshirib borish, marketing, bozor turlari, raqobat, narx shakllanishi, eksport va import operatsiyalari, elektron savdo platformalari kabi turli mavzularda keng qamrovli ma‘lumotlar berildi.
Ushbu tashkil etilgan oʻquv kurslarida 50 nafardan ortiq tinglovchilar ishtirok etishdi. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilarga Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining sertifikatlari taqdim etildi. Tinglovchilar o‘zlariga foydali tushuncha va bilimga ega bo‘lishdi.