Yangiliklar
Buxoroda turizmni rivojlantirishning yangi imkoniyatlari va istiqbollari muhokama qilindi
08-05-2026 | 559
Buxoro viloyati o‘zining boy tarixiy merosi, betakror me’moriy obidalari va milliy qadriyatlari bilan dunyo sayyohlarini o‘ziga jalb etib kelmoqda. Bugungi kunda turizm sohasini rivojlantirish hudud iqtisodiyotini yuksaltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Buxoro viloyati hududiy filiali hamda Buxoro turizm va madaniy meros texnikumi hamkorligida “Buxoro viloyatida turizmni rivojlantirish: imkoniyatlar va istiqbollar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda texnikumning bitiruvchi talabalari, turizm sohasi tadbirkorlari va yetakchi mutaxassislar ishtirok etishdi. Jumladan, Buxoro viloyati Turizm boshqarmasi, IT Park Buxoro filiali, E-auksion platformasi hamda Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi vakillari turizm sohasida zamonaviy yondashuvlar, raqamli texnologiyalar va innovatsion biznes modellarni joriy etish bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.
Davra suhbati davomida turizm infratuzilmasini takomillashtirish, ichki va tashqi turizm salohiyatini oshirish, sayyohlar uchun qulay va zamonaviy xizmatlar yaratish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa, raqamlashtirish jarayonlari, onlayn xizmatlarni kengaytirish va elektron platformalardan samarali foydalanish mavzulari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.