Namangan viloyatida probatsiya nazoratidagi yoshlar uchun tadbirkorlik o‘quv kurslari tashkil etildi

04-05-2026 | 53

Namangan viloyatida probatsiya nazoratidagi yoshlar uchun tadbirkorlik o‘quv kurslari tashkil etildi

#GSBE #GraduateSchool #SmallBusiness #Entrepreneurship

Namangan viloyatida probatsiya nazoratida bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni jamiyatga moslashtirish va bandligini ta’minlash maqsadida qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etildi.

Mazkur tashabbus Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Namangan viloyati hududiy filiali hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Probatsiya bo‘limi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida amalga oshirildi.

Xususan, 2026 yil 27 apreldan 1 mayga qadar Kosonsoy tumanida “Tadbirkorlik va biznes asoslari” o‘quv dasturi asosida mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Kurslar davomida ishtirokchilarga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishning asosiy bosqichlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Jumladan, tinglovchilar biznes reja tuzish, boshlang‘ich kapitalni shakllantirish, kredit va imtiyozlardan samarali foydalanish, shuningdek, o‘z faoliyatini bosqichma-bosqich rivojlantirish masalalari bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.

Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish, ishsizlikni kamaytirish, aholi daromadlarini oshirish hamda mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirishning mavjud imkoniyatlari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Ishtirokchilarga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, kredit va subsidiyalar olish tartibi hamda E-auksion savdo platformasi orqali bo‘sh bino va yer maydonlaridan foydalanish imkoniyatlari haqida ham ma’lumotlar taqdim etildi.

Mashg‘ulotlar davomida yoshlarning qiziqish va layoqatidan kelib chiqib, turli kasb yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Mazkur o‘quv kurslari yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash, ularni doimiy ish bilan ta’minlash, takroriy huquqbuzarliklarning oldini olish hamda jamiyatda munosib o‘rin egallashiga xizmat qiladi.