Yangiliklar
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida Yevropa Ittifoqining Transchegaraviy uglerodni tartibga solish mexanizmi bo‘yicha trening bo‘lib o‘tdi.

2025 yil 20 may kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida Yevropa Ittifoqining Transchegaraviy uglerodni tartibga solish mexanizmi (Carbon Border Adjustment Mechanism — CBAM) bo‘yicha manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari uchun maxsus trening tashkil etildi. Tadbir Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” loyiha ofisi bilan hamkorlikda tashkil qilindi.
Treningdan ko‘zlangan maqsad — YEIning yangi joriy etilgan CBAM mexanizmi to‘g‘risida xabardorlikni oshirish, uning mazmun-mohiyatini tushuntirish va O‘zbekistondagi korxonalarni ushbu mexanizmga tayyorlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berishdan iborat bo‘ldi.
Maʼlumki, CBAM — bu YEIga ayrim turdagi tovarlarni import qilishda ularning ishlab chiqarish jarayonidagi uglerod chiqindilari uchun narx belgilashni ko‘zda tutuvchi mexanizmdir. 2023 yilda joriy etilgan ushbu yondashuv YEIning dekarbonizatsiya siyosatining muhim qismi sanaladi. Mexanizm eksportyor mamlakatlardan ekologik shaffoflik va hisobot berish tizimlarini takomillashtirishni talab etadi.
Trening davomida ishtirokchilar CBAMning huquqiy asoslari, hisob-kitob mexanizmi, uglerod chiqindilarini hisoblash va monitoring qilish tartiblari, shuningdek, xalqaro sertifikatlash amaliyoti bilan tanishdilar. Shuningdek, YEI bozoriga chiqishda ekologik standartlarga rioya qilishning ahamiyati, korxonalarning tayyorgarlik darajasini baholash va amaliy yechimlar bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi.
Trening ishtirokchilari o‘z sohalarida amalga oshiradigan siyosat va chora-tadbirlarni CBAM talablariga muvofiq ravishda moslashtirishga oid tavsiyalar olishdi. Tadbirda manfaatdor vazirliklar, tarmoq tashkilotlari hamda ekspertlar ishtirok etdi.
Trening yakunlari O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonidagi navbatdagi amaliy qadami sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.