Farg‘onada yoshlar tadbirkorlikka oid yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi

29-04-2026 | 12

Farg‘onada yoshlar tadbirkorlikka oid yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi

#GSBE #GraduateSchool #SmallBusiness #Entrepreneurship

Joriy yilning 29-aprel sanasida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining Farg‘ona viloyati hududiy filiali, IT Park hamda Innovatsion rivojlanish agentligi viloyat bo‘linmasi hamkorligida Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti talabalari uchun “Yosh tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar va biznesga ilk qadam” mavzusida seminar tashkil etildi.

Mazkur seminarda 100 nafardan ortiq yoshlar va xotin-qizlar ishtirok etib, ular orasida o‘z startap loyihalariga ega bo‘lgan hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlashga qiziqish bildirayotgan tashabbuskorlar ham keng qamrab olindi. Tadbir yoshlarning biznesga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Seminar davomida hamkor tashkilotlar mutaxassislari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini boshlashning huquqiy va tashkiliy asoslari, yosh tadbirkorlar uchun yaratilgan imtiyoz va preferensiyalar, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, startap loyihalarni shakllantirish, ularni samarali boshqarish, moliyalashtirish manbalari (grantlar, imtiyozli kreditlar va investitsiyalar), puxta biznes-reja ishlab chiqish hamda innovatsion g‘oyalarni amaliyotga joriy etish bosqichlari yuzasidan aniq tavsiyalar berildi.

Tadbir interaktiv ruhda tashkil etilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar, mavjud g‘oyalari yuzasidan maslahatlar oldilar. Seminar yakunida yoshlar uchun yangi imkoniyatlar, hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda kelgusida o‘z bizneslarini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim yo‘nalishlar belgilab olindi.