Yangiliklar
Nodavlat notijorat tashkilotlarini boshqarish bo‘yicha malaka oshirish kursi yakunlandi
24-04-2026 | 45
2026 yil 24 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida nodavlat notijorat sektor vakillari uchun tashkil etilgan “Ijtimoiy ta’sir va notijorat tashkilotlarni boshqarish” mavzusidagi malaka oshirish kursi yakunlandi.
O‘quv dasturi modulli shaklda tashkil etilgan bo‘lib, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini qamrab oldi. Jumladan, tashkilotlar faoliyatining huquqiy va institutsional asoslari, strategik va loyiha boshqaruvi, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, inson resurslarini boshqarish hamda liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalari tizimli ravishda ko‘rib chiqildi.
Dasturning yakuniy moduli nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatida raqamli yechimlarni joriy etish masalalariga bag‘ishlandi. Mashg‘ulotlar davomida davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlikda e-ngo.uz elektron platformasidan foydalanish imkoniyatlari, boshqaruv va tashkiliy jarayonlarni raqamlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash, raqamli kommunikatsiya vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali auditoriya qamrovini kengaytirish, tashkilot faoliyatining ochiqligi va jamoatchilik ishonchini oshirish bo‘yicha amaliy mexanizmlar tahlil qilindi.
O‘quv jarayoni doirasida davlat organlari vakillari bilan uchrashuvlar va amaliy tashriflar tashkil etildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatida o‘tkazilgan uchrashuvlar ishtirokchilarga davlat va nodavlat sektor o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlarini amaliy jihatdan o‘rganish imkonini berdi.
Kurs yakunida yopilish marosimi o‘tkazilib, ishtirokchilarga malaka oshirish to‘g‘risidagi sertifikatlar topshirildi. Mazkur o‘quv dasturi ishtirokchilarda nodavlat notijorat tashkilotlarini boshqarishning zamonaviy yondashuvlari bo‘yicha kompleks tushunchalarni shakllantirdi hamda olingan bilim va ko‘nikmalarni amaliyotga joriy etish imkoniyatlarini kengaytirdi.