Bank boshqaruvida ESG tamoyillarini qo‘llash bo‘yicha intensiv o‘quv kursi tashkil qilindi

22-04-2026 | 31

Bank boshqaruvida ESG tamoyillarini qo‘llash bo‘yicha  intensiv o‘quv kursi tashkil qilindi

#GSBE #GraduateSchool #Trainingcourse #ESG #Trastbank

     2026-yil 13–20 aprel kunlari Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Bosh ofisida “Bank sektori uchun ESG asoslari” mavzusida intensiv o‘quv kursi tashkil etildi. Dastur bank kuzatuv kengashi a’zolari, boshqaruv vakillari va yuqori darajadagi menejerlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ESG tamoyillarini bank boshqaruviga tizimli integratsiya qilishga qaratildi.

     O‘quv kursi davomida global moliyaviy tizimdagi transformatsiyalar, investorlar va regulyatorlar talablarining kuchayishi hamda ESG omillarining bank barqarorligiga ta’siri muhokama qilindi. Ishtirokchilarda barqaror rivojlanishni strategik darajada boshqarish, ESG omillarini risk-menejment va kredit siyosatiga integratsiya qilish bo‘yicha tizimli yondashuv shakllantirildi.

     Dastur nazariy mashg‘ulotlar bilan bir qatorda interaktiv sessiyalarni ham qamrab olib, ishtirokchilarga ekologik va ijtimoiy risklarni tahlil qilish, kredit portfelini ESG nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish hamda strategik qarorlar ishlab chiqish bo‘yicha amaliy tajriba berdi. Natijada, tinglovchilar ESG tamoyillarini bank strategiyasiga joriy etish va barqaror moliyalashtirishni rivojlantirishga yo‘naltirilgan boshqaruv qarorlarini shakllantirish kompetensiyalarini mustahkamladi.

     Ushbu tashabbus bank sektorida zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini kengaytirish, uzoq muddatli risklarni samarali boshqarish va moliyaviy institutlarning investitsion jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.