Yangiliklar
Nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari uchun malaka oshirish kursi yo‘lga qo‘yildi
20-04-2026 | 21
2026 yil 20 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) vakillari uchun «Ijtimoiy ta’sir va notijorat tashkilotlarni boshqarish» yo‘nalishida qisqa muddatli malaka oshirish kursi boshlandi.
Mazkur ta’lim dasturi Davlat dasturi doirasida amalga oshirilmoqda hamda «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida belgilangan fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq hisoblanadi. Kurs nodavlat sektorning professional va institutsional salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan.
Tashabbus O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
O‘quv dasturi bir haftalik intensiv shaklda tashkil etilgan bo‘lib, NNT rahbarlari va mutaxassislari uchun mo‘ljallangan. Dastur mazmuni zamonaviy talablar asosida shakllantirilib, huquqiy asoslar va institutsional rivojlanish, loyiha boshqaruvi, strategik kommunikatsiyalar, resurslarni jalb qilish hamda ijtimoiy ta’sirni baholash kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Kurs doirasida amaliy yondashuvga ustuvor ahamiyat qaratilgan bo‘lib, ishtirokchilar ijtimoiy loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish mexanizmlarini, davlat organlari, biznes subyektlari va xalqaro hamkorlar bilan samarali hamkorlik usullarini, shuningdek, tashkilotlar faoliyati barqarorligi va samaradorligini oshirish yo‘llarini o‘zlashtiradi.
O‘quv jarayoni davlat organlari, tahliliy markazlar va ta’lim muassasalarining yetakchi ekspertlari ishtirokida tashkil etilgan. Shuningdek, dasturda NNT sohasini raqamlashtirish hamda boshqaruvda innovatsion texnologiyalardan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Mazkur kursni amalga oshirish nodavlat sektor uchun malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish, ijtimoiy loyihalarni boshqarish samaradorligini oshirish hamda NNTlarni mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.