Yangiliklar
Hududlarda kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash borasidagi hamkorlik kengaymoqda
15-04-2026 | 23
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati vakillari oʻrtasida onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuv kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishda ikki tashkilotning hududiy filiallari hamkorligini kengaytirish masalalariga qaratildi.
Onlayn uchrashuvda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJning Davlat dasturlari va nomoliyaviy xizmatlar bilan ishlash boshqarmasi boshligʻi O.Sagdiyev hamda Jamiyatning hududiy filiallari rahbarlari ishtirok etdilar.
Shuningdek Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining Biznes-inkubator va startap loyihalari markazi rahbari Gʻ. Usmanov, Hududiy filiallar faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari B. Ishmuhamedov hamda hududiy filiallar rahbarlari va mutaxassislari qatnashdilar.
Uchrashuvda tomonlar oʻz faoliyatlari yuzasidan taqdimotlar oʻtkazdilar, unda ikki tashkilotning strategik maqsadlari umumiyligi taʼkidlandi.
“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ kichik va oʻrta biznes subyektlarini qoʻllab-quvvatlaydi, xususan, yangi ish oʻrinlari yaratishga koʻmaklashadi, korxonalarning innovatsion faoliyatiga koʻmaklashadi, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni ragʻbatlantiradi, shuningdek, oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga moliyaviy va nomoliyaviy yordam koʻrsatadi.
Oʻz navbatida, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi respublikaning barcha hududlarida qisqa muddatli taʼlim dasturlarini amalga oshirib, aholini mustaqil biznes yuritishga oʻqitadi. Shu bilan birga joylarda tadbirkorlik muhitini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar va maslahatlar tashkil etadi.
Hududlarda ikki tashkilot faoliyati oʻzaro bir-birini toʻldirib, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash vositalarini shakllantiradi, Oliy biznes maktabi ularning hududlarda aholiga yetib borishiga koʻmaklashadi.
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi aholini biznes yuritishga tayyorlash boʻyicha hududiy filiallarga va amaliy tajribaga ega, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ esa kichik va oʻrta biznes subyektlarini moliyaviy hamda nomoliyaviy qoʻllab-quvvatlashning zarur davlat mexanizmlariga egadir.
Hamkorlikdagi faoliyat natijasida fuqarolar nafaqat zarur bilimlarga ega boʻladilar, balki kichik biznesni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun davlat tomonidan koʻrsatilayotgan qoʻllab-quvvatlashdan foydalanish imkoniyatiga ham ega boʻladilar.
Muloqot davomida tomonlar kelgusi hamkorlik yoʻnalishlarini ham muhokama qildilar, jumladan hududlarda qoʻshma targʻibot tadbirlarini oʻtkazish, yangi ish boshlayotgan tadbirkorlar uchun amaliy yoʻnaltirilgan qisqa muddatli kurslar, shuningdek, har ikki tashkilot ekspertlari ishtirokida axborot-maslahat uchrashuvlarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Bunda kichik va oʻrta biznes subyektlari hamda oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar uchun imtiyozli kredit olish, subsidiyalar taqdim etish va kafillik mexanizmlari boʻyicha davlat tomonidan koʻrsatiladigan qoʻllab-quvvatlash choralari haqida aholini xabardor qilishga alohida eʼtibor qaratiladi.