Xorazmda elektron tijorat istiqbollari: Oliy biznes maktabi va Wildberries hamkorligi

Xorazmda elektron tijorat istiqbollari: Oliy biznes maktabi va Wildberries hamkorligi #GSBE #GraduateSchool #Khorezm #Ecommerce #Study

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining Xorazm hududiy filiali hamda Wildberries xalqaro marketpleys kompaniyasi hamkorligida seminarlar tashkil etildi.

24-mart kuni Xiva shahar Turizm va madaniy meros texnikumida hamda 25-mart kuni Urganch shahridagi Ma’mun universitetida 25 nafardan mahalliy tadbirkor va hunarmandlar uchun “Elektron tijorat sohasida biznesni boshlash va yuritish. Wildberries platformasida savdoni yo‘lga qo‘yish” mavzusida, Ma’mun universitetida 100 nafar talaba uchun “Marketpleys menejeri” kasbiga o‘qitish bo‘yicha amaliy seminar-treninglar tashkil etildi. Mazkur tadbirlarda jami 150 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Seminarlarning asosiy maqsadi viloyatdagi tadbirkorlar, hunarmandlar va ishlab chiqaruvchilarning o‘z mahsulotlarini nafaqat mahalliy, balki Wildberries platformasi orqali xorijiy davlatlarga sotish ko‘nikmalarini o‘rgatishga qaratildi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga sotuvchi (seller) sifatida platformada shaxsiy kabinet ochish va biznesni yuritishning huquqiy asoslari, mahsulotlarni Wildberries omborlariga yetkazib berish va sotuv jarayonini optimallashtirish, shuningdek, marketpleysda tovar kartochkalarini to‘g‘ri to‘ldirish, foto-kontentning ahamiyati va ichki reklamadan oqilona foydalanish kabi mavzularda tushunchalar berildi.

Xiva o‘zining cho‘girmasi, quritilgan qovunlari, qo‘l mehnati asosida tayyorlangan gilamlari, suvenirlari bilan mashhur. Wildberries vakillari ta’kidlaganidek, Xorazm mahsulotlariga xalqaro bozorda, ayniqsa MDH davlatlarida talab yuqori.

Ishtirokchilar seminar davomida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga amaliy javoblar oldilar. Ko‘plab tadbirkorlar tadbirning o‘zidayoq platformada ro‘yxatdan o‘tish va dastlabki mahsulotlarni joylashtirish bo‘yicha maslahatlar olishdi.