Yangiliklar
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi barqaror hamda mas’uliyatli boshqaruv tamoyillarini rivojlantirish yo‘lida
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi 2024-yilning mart oyidan boshlab BMT Global shartnomasi yetakchilari sammiti tashabbusi bilan tashkil etilgan PRME (Principles for Responsible Management Education) tarmog‘iga rasman qo‘shildi.
PRME platformasi, BMT Global shartnomasi doirasida 2007-yilda asos solingan bo‘lib, tadbirkorlar va boshqaruvchilar uchun mas’uliyatli ta’lim berish orqali barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshiradi.
PRME missiyasi biznes va menejment sohasidagi ta’limni transformatsiya qilish hamda kelajak yetakchilarida mas’uliyat hissini shakllantirishga qaratilgan. Hozirgi kunda dunyo bo‘ylab 850 dan ortiq biznes maktablarini birlashtirgan ushbu tarmoq iqtisodiy samaradorlik, ijtimoiy mas’uliyat va ekologik barqarorlik o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlay oladigan rahbarlarni tayyorlashda yetakchi platforma hisoblanadi.
PRME doirasidagi xalqaro hamkorlik Oliy maktab faoliyatining muhim strategik yo‘nalishlaridan biridir. Ushbu tarmoqqa a’zo bo‘lish Oliy maktab mas’uliyatli boshqaruv ta’limining yetti asosiy tamoyilini qabul qilganini hamda ularni o‘quv jarayoni va tadqiqot faoliyatiga izchil integratsiya qilayotganini anglatadi. Shu munosabat bilan, ta’lim dasturlariga ESG yondashuvlari, yashil iqtisodiyot, korporativ boshqaruv va mas’uliyatli biznes yuritish bo‘yicha zamonaviy o‘quv kurslari faol joriy etilmoqda.
Bizning asosiy maqsadimiz – davlat va xususiy sektor uchun o‘zgaruvchan global iqtisodiyot sharoitida samarali ishlay oladigan hamda mamlakatning barqaror kelajagiga hissa qo‘shadigan mas’uliyatli va innovatsion fikrlaydigan rahbarlarni tayyorlashdir.